YEM-XASHAK EKINLARI

YEM-XASHAK EKINLARI – chorva mollari va parrandalarga yem-xashak (ko’kat, pichan, yem, silos) tayyorlash maqsadida ekiladigan o’simliklar. Yem-xashak ekinlariga bir yillik va ko’p yillik o’tlar, xashaki ildizmevali, kartoshkali o’simliklar, xashaki poliz ekinlari, shirin kartoshka (batat), silos bostirish va yem uchun ekiladigan donli ekinlar kiradi. Hozir jadallashgan dexdonchilik tizimi sharoitida yem-xashak ekinlari etishtirish mustaqil tarmoq bo’lib ajratiladi va yem-xashakchilik deb ataladi. Yem-xashak ekinlarilarining eng katta guruhini ko’p yillik o’tlar: dukkaklilar — sebarga, beda, shabdar, bersim, esparset, qashqarbeda, oq Nilufar va g’al-ladoshlar (ajriqbosh, betaga, suvbug’doyiq, oqso’xta, erkako’t) tashkil qiladi. Ko’p yillik o’tlar sof holda va aralash (masalan, sebarga bilan ajriqbosh, beda bilan erkako’t) ekiladi. Ular yaylov ozig’i sifatida hamda ko’k massasi pichan, senaj, silos, o’t uni, donador oziq va briketlar tayyorlash uchun ishlatiladi. Bu Yem-xashak ekinlari oqsilga (ayniqsa, dukkaklilar), vitaminlarga va mineral tuzlarga boy bo’ladi. Bundan tashqari, ko’p yillik o’tlar yerni azotga boyitadi, chunki ular ildizidagi tuganak bakteriyalar havodagi azotni o’zlashtirish xususiyatiga ega. Ko’p yillik o’tlarning aksariyati namsevar o’simliklardir. Nam etishmasa, ularning hosili kamayib ketadi yoki butunlay nobud bo’ladi (qurib qoladi), shuning uchun qurg’oqchil rayonlarda ko’p yillik o’tlar (eng avvalo beda) asosan sug’oriladigan erlarga ekiladi. Yashil konveyr hosil qilish uchun bir yillik o’tlar ekiladi. Ulardan ham pichan va boshqa ozuqalar tayyorlanadi. Bir yillik dukkaklilardan shabdar, bersim, bahorgi va kuzgi yovvoyi no’xat, no’xat ekiladi. Oqsilga boy bu o’simliklar, odatda, bir yillik g’alla ekinlari — suli, arpaga qo’shib ekiladi. O’zbekistonning qurg’oqchilik rayonlarida qurg’oqchilikka chidamli bir yillik o’tlar — sudano’t, oqjo’xori, oqjo’xori-sudano’t duragaylari, mogar, qo’noq, shuningdek, cheklangan miqdorda vika, burchoq ekiladi. Ko’p rayonlarda ko’kat ozuqa uchun bir yillik o’t sifatida kuzgi javdar, tariq, soya, o’ris no’xat, shuningdek, yangi ekin — tritikale ekiladi. Yaqin vaqtdan boshlab ko’k massa olish maqsadida pane (bahorgi va kuzgi), perko ekiladigan bo’ldi. Sershira oziq uchun xashaki ildizmevalar: nimshirin va xashaki lavlagi, sabzi, turneps ekiladi. Chorva mollariga qand lavlagi ham beriladi, shuningdek, ularning bargi — palagidan, asosan silos tayyorlanadi. O’simliklarning bu guruhiga kiradigan asosiy ekin — xashaki lavlagi. Uning ildizmevasi yirik bo’lib, yaxshi saqlanadi. Hosildorligi 1000 tsentner/gektargacha yetadi. Turneps ertapishar ildizmeva, lekin lavlagiga qaraganda kam to’yimli bo’ladi va yaxshi saqlanmaydi. Silos tayyorlanadigan ekinlar (makkajo’xori, kungaboqar, xashaki karam va boshqalar) va yem uchun ekiladigan donli ekinlar (suli, arpa, makkajo’xori va boshqalar) ham xashaki ekinlarga kiradi.