YENOTSIMONLAR

YENOTSIMONLAR (Procyonidae) -yirtqich sut emizuvchilar turkumi oilasi. Tashqi ko’rinishi beso’naqay, oyoqlari kalta, tovonda yoki yarim tovonda yuruvchi besh barmoqli hayvonlar. Mo’ynasi qalin, yumshoq. Dumi uzun (faqat katta pandada kalta), ko’pchiligida — qoramtir halqali, kinkaju turida — tutuvchi. 8 urug’i (kakomisli, enotlar, uzunburunlilar, olingo, kinkaju, kichik pandalar va b.), 15 turi ma’lum. Oxirgi ikki urug’i ba’zan ayiqsimonlar oilasiga kiritiladi. Ko’pchilik turi shimoliy, Markaziy va Janubiy Amerikada, faqat kichik va katta pandalar Janubiy-Sharqiy va Markaziy Osiyoda uchraydi. Kichik panda Janubiy- G’arbiy Xitoy, Nepal, Shim. Myanma va Shimoliy-Sharqiy Hindistonda, katta panda Xitoyning Sichzan, Shensi, Gansu viloyatlari va Tibetda tarqalgan. Shimoliy va Markaziy Amerikada yashaydigan chayuvchi yenot (Procyon lotor), Ozarbayjon, Belorussiya, O’rta Osiyo va uzoq Sharqda iqlimlashtirilgan. Aralash o’rmonlarda yashaydi. Shimol hududlarda qishda uyquga ketadi. Har yili bir marta tullaydi. Tuproqda qazigan inida, ba’zan daraxtlarning kovagida 2 tadan 8 tagacha bolalaydi. Qimmatli mo’ynasi uchun ovlanadi. Katta panda xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.