YER KADASTRI

YER KADASTRI, davlat yer kadastri — yagona davlat kadastrlari tizimining asosiy tarkibiy qismi, yer resursining tabiiy, xo’jalik, huquqiy rejimi, toifalari, sifat xususiyatlari va qimmati, yer uchastkalari o’rni, o’lchamlari, chegarasi va maydoni, ularning yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlar o’rtasidagi taqsimoti to’g’risidagi ma’lumotlar hamda xujjatlar majmui. Yer kadastri “Davlat yer kadastri to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining qonuni (1998 yil 28 avgust) va ushbu qonunga oid me’yoriy hujjatlar, yo’riqnoma va uslubiy ko’rsatmalar asosida yer uchastkalariga bo’lgan huquqlarning kafolatlarini ta’minlash, yerlardan oqilona foydalanish, ularni qayta tiklash va muhofaza qilish uchun kadastr ma’lumotlaridan foydalanishning huquqiy asoslarini belgilashga qaratilgan davlat tadbirlar tizimi hisoblanadi. Yer kadastriga doir axborotlarni bir tizimga solinishi ularni saqlash, tahlil qilish va yangilab turish ishlarini ham o’z ichiga oladi. Yer kadastrini yuritish quyidagi tamoyillarga asoslaniladi: mamlakat yer fondinn to’la qamrab olish, fazoviy koordinatalarning yagona tizimini qo’llash, axborotlar ishlab chiqish metodining birligi va Yer kadastriga oid axborotlarning to’g’ri bo’lishi. Yer kadastrini yuritish jarayoni quyidagilarni o’z ichiga oladi: aerokosmik suratga olish, topografiya — geodeziya, xaritagrafiya, tuproqshunoslik, agrokimyo, geobotanika, gidrogeologiya ga oid va boshqa izlanishlar va tadqiqotlarni o’tkazish, yerlarni mikdor va sifat jihatdan hisobga olish va baholash, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo’lgan huquqlarini davlat ro’yxatiga olish; erlarni taqsimlash, ulardan foydalanishni nazorat qiluvchi davlat xizmat organlarini faoliyatini muvofiqlashtirish; yerlarning holati, mavjudligi va ulardan foydalanish to’g’risidagi hisobotlarni tuzish; joriy (mavsumiy) tadqiqotlar, suratga olish, yer o’lchash ishlarini hamda yer monitoringi ma’lumotlaridan foydalangan holda Yer kadastriga oid axborotlar bankini yaratish va uni tartibga solib turish. Yer kadastri tumanda (shaharda) quyidagicha amalga oshiriladi: yer uchastkalariga bo’lgan huquqni va yer uchastkalariga doir bitimlarni davlat ro’yxatiga olish; Yer kadastri maqsadlari uchun suratga olish; yer uchastkalari egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va yer uchastkalari mulkdorlaridan ma’lumotlar olish, ularni to’g’riligini tekshirish, Yer kadastriga oid hujjatlarga joriy o’zgartirishlar kiritish. Yer kadastrini yuritish jarayonida har yilning 1 yanvariga yer resurslarining holati to’g’risidagi milliy hisobot tuziladi. Rivojlangan davlatlarda ham Yer kadastri yuritiladi. Uning ma’lumotlaridan yer egalariga soliq solish, yerdan foydalanish bilan bog’liq bo’lgan tijorat ishlarini tartibga solish, yer bo’yicha bitishuv va nizolarni hal etish, yerni garovga qo’yish va boshqalarda foydalaniladi. O’zbekiston Respublikasida yer uchastkalariga bulgan huquqlarni davlat ro’yxatiga olish va yerlarni miqdoriy va sifatini hisobga olish yer resurslari davlat qo’mitasi tomonidan qabul qilingan nizomlar va me’yoriy hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Yer kadastrini yuritish O’zbekiston Respublikasi yer resurslari davlat qo’mitasining yer resurslari bo’yicha tuman xizmatlari tomonidan, shahar va shaharchalarda esa O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, xaritagrafiya va davlat kadastri bosh boshqarmasining ko’chmas mulk davlat kadastri tuman va shaxar xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi. Qosimjon Rahmonov.