YESIPOV MATVEY AKIMOVICH
YESIPOV MATVEY AKIMOVICH (1897, Chkalov viloyati — 1968, Samarqand) — teatr rassomi, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1950). Moskva rassomlik bilim yurtida ta’lim olgan (1918-20). Samarqanddagi “Musulmon agitguruhi”da rassom (1921-23). 1923 yildan Samarqand viloyatlararo rus drama teatri, 1924 yildan Samarqand viloyat musiqali drama teatrining bosh rassomi hamda Samarqand rassomlik bilim yurtida pedagog. Dastlab spektakllarni badiiy bezashda agitplakat uslubidan foydalangan Yesipov 30-yillarning 2-yarmidan spektakllar ruhiga mos sahna bezaklari yaratgan. F. Zafariyning “Halima” (1931), Xurshidning “Farhod va Shirin” (1934), “Layli va Majnun” (1955), S. Abdullaning “Tohir va Zuhra” (1948), “Alpomish” (1950), Abdulla Qahhorning “Yangi yer” (1950), “og’riq tishlar” (1955) va boshqa asarlar asosida yaratilgan spektakllarni badiiy bezagan.