YER OSTI SUVLARI
YER OSTI SUVLARI – yer po’stining yuqori qismidagi tog’jinslari qatlamlarining g’ovak bo’shlikdarida joylashgan suyuq, qattiq (muz), bug’simon holatdagi suvlar. Yer osti suvlari umumiy suv resurslarinkt bir qismi bo’lib, suv ta’minoti va sug’orish manbai sifatida xalq xo’jaligi uchun katta ahamiyatga ega. Sug’oriladigan yerlarning meliorativ ahvoli grunt suvlarining holati bilan belgilanadi. Yer osti suvlarini gidrogeologiya fani o’rganadi. Suv molekulyar kuchlar tutib turadigan bog’langan hamda og’irlik kuchi yoki bosim farqi ta’sirida harakatda bo’ladigan gravitasion yoki erkin holatda bo’lishi mumkin. Bog’lanmagan suv bilan to’yingan tog’jinslari qatlamlari suvli gorizont deyiladi, ular suvli komplekslarni hosil qiladi. Yer osti suvlari suv saqlovchi jinslarda tuplanish xarakteriga ko’ra g’ovak (yumshoq jinslarda), dara (tomir) — qattiq jinslarda va karst (g’or) (darz-karst-yengil eriydigan karbonat va gipsli jinslarda) suvlariga bo’linadi. Joylashish sharoitiga ko’ra Yer osti suvlari tuproq suvi, mavsumiy suvlar (yuza suvlar; aerasiya zonasidagi suv saqlovchi qatlamlar ustida yog’inlar yoki sug’orish suvlarining shimilishidan hosil bo’ladi); grunt suvlari (yer yuzasiga eng yaqin birinchi suv o’tkazmaydigan qatlam ustida to’planadi) va qatlamlararo (bosimsiz, bosimli, artezian, suv o’tkazmaydigan qatlamlar o’rtasida joylashgan suvli qatlamlar) suvlarga bo’linadi. Kelib chiqishiga ko’ra Yer osti suvlari atmosfera yog’inlari, Daryo va sug’orish suvlarining shimilishi natijasida hosil bo’luvchi infiltrasion; tog’ jinslari qatlamlarida suv bug’larining quyuqlashuvidan hosil bo’luvchi kondensasion; cho’kindi tog’jinslari paydo bo’lish jarayonida dengiz suvlarining ko’milib qolishi natijasida hosil bo’lgan sedimentasion va magma soviganda yoki yer mantiyasidan chiqadigan yuvinil suvlariga bo’linadi. Yer osti suvlarining yer yuziga tabiiy chiqishi buloq (chashma) deyiladi va oqib chiquvchi va qaynab chiquvchi (qaynar buloq)larga bo’linadi. Yer osti suvlari tabiiy eritmalar bo’lib, tarkibida deyarli barcha ma’lum kimyoviy elementlar uchraydi. Minerallashuvi (suvda erigan moddalarning umumiy miqdori, gramm/litr) bo’yicha Yer osti suvlari chuchuk (1,0 gacha), sho’rtam (1,0—10,0), sho’r (10,0— 50,0) va namakob (50 dan ko’p) turlariga bo’linadi. Harorati bo’yicha esa sovigan (4° gacha), sovuq (4-20°), iliq (20-37°), issiq (37-42°), qaynoq (42-100°) va o’ta qaynoq (100° dan yuqori) Yer osti suvlariga bo’linadi. Infiltrasion suv tabiatda keng tarqalgan, qolganlari sof holda juda kam uchraydi. Aholi, sanoat va yaylovlarni suv bilan ta’minlashda, yerlarni sug’orishda, tibbiyotda (mineral suvlar), issiqlik bilan ta’minlashda (issiq suvlar), har xil tuz va kimyoviy elementlar (yod, bor, brom va boshqalar) olishda Yer osti suvlaridan foydalaniladi. Yer osti suvlari yerlarning botqoqlanishi va sho’rlanishiga sabab bo’ladi. Bunga qarshi kurashish uchun ochiq va yopiq gorizontam drenajlar va burg’i quduqlari kavlanadi. Cho’llarda Yer osti suvlaridan keng foydalanildi. Qoraqum, Qizilqum va Ustyurt yaylovlari asosan Yer osti suvlari bilan ta’minlangan. O’rta Osiyo hududida 150 dan ortiq yirik Yer osti suvlari konlari anikdangan. Ularning har yili tiklanib turadigan ekspluatasion zaxirasi 1500 metr kub/sekunddan ortiq, chuchuk suvlar hissasi 1000 metr kub/sekund yaqin, qolgan qismi esa turli darajada (2-3 dan 15 gramm/litrgacha) minerallashgan. O’rta Osiyoda 40 mingdan ortiq foydalaniladigan burg’i quduqlari mavjud, ulardan 5 mingga yaqini suvi otilib chiqadigan artezian quduqlaridir; ularning ko’pchiligidan ekinlarni sug’orishda foydalaniladi. Ad.: Mavlonov G’. O., Kenesarin N. A., Er osti suv xazinasi, T., 1960; Kenesarin N. A., Sultonxo’jaev A. N., Er osti suvlari va ulardan xalq xo’jaligida foydalanish, T., 1962; Mirzaev S. Sh.,Formirovanie i razmetshenie zapasov podzemnix VOD O’zbekistona [Voprosi metodiki IX izucheniya i problemi xozyaystvennogo ispolzovaniya], T., 1974; Hasanov A., Sharipov E., Er osti suvlari sirli xazina, T., 1970. Saidrahmon Mirzaev.