G’AZNA

G’AZNA, G’azni — Afg’onistonning Janubiy-Sharqiy qismidagi shahar, G’azni daryosi bo’yida, Kobul—Qandahor avtomobil yo’lida joylashgan. G’azni viloyatining ma’muriy markazi. metallsozlikning qadimgi markazlaridan. Hunarmandchilikda palos, poyabzal, ip gazlama matolari va boshqalar tayyorlanadi. Jun, mo’yna bilan savdo qilinadi. Shaharning barpo bo’lgan davri ma’lum emas. G’aznaga doir ilk ma’lumotlar 7-asrga oid manbalarda uchraydi. O’rta asrlarda O’rta Sharqning muhim madaniy, savdo va siyosiy markazlaridan biri bo’lgan. 10-11-asrlarda G’aznaviylar davlati poytaxti. 12-asr o’rtalarida G’uriylar shaharni egallab, katta qismini vayron qilganlar. 1215-21 yillarda G’azna Xorazmshohtar qo’l ostida bo’lgan. 1221 yilda shaharni mo’g’ullar bosib olgan. 13-asrning 2-yarmidan G’azna hukmdorlari Hirotdagi Kurtlar sulolasining vassali bo’lgan. 14-asr oxiri 15-asr boshlarida Temuriylar davlati, 16-asr boshlaridan Boburiylar saltanati tarkibida. 1738 yilda shaharni Nodirshoh egallagan. Afg’oniston davlati tuzilgach (1747), G’azna uning tarkibida. Me’moriy yodgorliklardan 12-asrda barpo etilgan 2 ta minoraning qoldiqlari saqlangan.