G’ARBIY DVINA

G’ARBIY DVINA – Rossiya Federatsiyasi, Belorussiya va Latviyadagi Daryo (Latviyada Daugava deb ataladi). Uzunligi 1020 kilometr, havzasi maydoni 87,9 ming kilometr kvadrat. Valday qirlaridan boshlanib, Volganing boshlanish qismidan g’arbroqda Boltiq dengizining Riga qo’ltig’iga quyiladi. Irmoqlari: chapda — Meja, Kasplya, Luchesa, Ulla, disna; o’ngda — Toropa, Drissa, Dubna, Ayviekste, Ogre. Qor, grunt suvlaridan to’yinadi. O’rtacha suv sarfi quyilish joyida 678 metr kub/sekund. Dekabrdan martgacha muz oqib turadi. G’arbiy Dvinada 3 ta GES (kegum, Plyavin, Riga) bor. Daryoning ayrim qismlarida kema qatnaydi. Berezina kanali orqali Dnepr daryosi bilan bog’langan. Daryo bo’yida Vitebsk, Polosk, Daugavpils, Ekabpils, G’arbiy Dvina shaharlari, quyilish joyida Riga shahri va dengiz porti joylashgan.