G’UZORDARYO
G’UZORDARYO — Qashqadaryo viloyatidagi daryo. Qashqadaryoning chap irmog’i. Uzunligi 86 kilometr. Havzasining maydoni 3170 kilometr kvadrat. Suv yig’ilish maydonining o’rtacha balandligi 1532 metr. Hisor tizmasining shimoliy garbiy yon bag’ridan boshlanadigan katta O’radaryo va kichik Uradaryolarning qo’shilishidan hosil bo’ladi. Tog’lardan oqib chiqqach, tekislikdan oqib Qashqadaryoga quyiladi. O’rtacha yillik suv sarfi 5,9 metr/sekund. Eng ko’p suv sarfi 15,9 metr kub/sekund, eng kam suv sarfi 0,31 metr/sekund. Qor va yomg’ir suvlaridan to’yinadi. Eng ko’p suv sarfi aprelda (22,5%), eng kam suv sarfi sentabrda (3,6%) kuzatiladi. G’uzordaryoning yuqori qismida Pachkamar suv ombori barpo qilingan hamda daryodan irrigasion kanallar chiqarilgan. Suvi, asosan, ekin maydonlarini sug’orishga sarf bo’ladi.