G’UMBAK

G’UMBAK — hasharotlarning to’liq o’zgarish bilan rivojlanishidagi bosqich. G’umbak oziqlanmaydi, odatda harakatsiz, biroq uning ichida juda chuqur o’zgarishlar yuz berishi tufayli lichinka organlari qayta shakllanib, yetuk forma — imago vujudga keladi. G’umbakning 3 xili mavjud: erkin (ochiq), yopiq, yashirin (soxta pillali). Erkin G’umbakning oyoq, mo’ylov va qanotlari tanasiga yopishmasdan, faqat jips yig’ilib turadi; voyaga yetgan hasharotga o’xshaydi (masalan, qo’ng’izlar, pardaqanotlilar, to’rqanotlilar va ba’zi ikkiqanotlilar). Buloqchilar va tuyabo’yinlarning G’umbaklari faol harakatlanadi. Yopiq G’umbakda mo’ylov, oyoq va qanotlar tullash bezlari ajratgan suyuqlikdan vujudga kelgan umumiy qoplam — tig’iz kutikula tufayli tanaga yopishib turadi (ko’pgina kapalaklar, bargxo’r qo’ng’izlar va ikkiqanotlilar). Ularning G’umbaklari erkin G’umbakka nisbatan kam harakat. Yashirin G’umbakda oxirgi tullash terisi tashlanmaydi va undan soxta pilla vujudga kelib, G’umbakni qoplab turadi. Bu qoplamdan lichinka ko’rinmaydi (ko’pgina ikkiqanotlilar). Lichinkaning G’umbakka aylanishi odatda pana joylar (tuproq, o’rmon to’shamasi, po’stloq osti, yog’och)da, kamdan-kam ochiq yerlar (po’stloq usti, barg va boshqalar)da yuz beradi. G’umbaklik davri ko’pchilik zararkunandalarning qishlovchi bosqichidir. Profilaktik qarshi kurash tadbirlarini hasharotlarning qishlovchi shakli — G’umbakni yo’q qilish uchun qo’llash yaxshi samara beradi.