G’OYIBNAZAR MADRASASI

G’OYIBNAZAR MADRASASI – Namangandagi me’moriy yodgorlik (19-asr oxiri); Qo’qon xonligidagi To’raqo’rg’on qozisi g’oyib nazar o’g’li tomonidan qurilgan. Madrasa to’rtburchak tarhli, atrofi hujralar bilan o’ralgan hovlidan iborat, Sharqiy tomondagi hujralar 2 qavatli; bosh tarzi peshtoqli, uning ikki tomonidan 2-qavat ravoqlari ko’zga tashlanib turadi; burchaklariga sirti g’ishtin naqshlar bilan bezatilgan mezanali minoralar ishlangan. Bino burchaklaridagi hujralardan darsxona sifatida foydalanilgan, darsxonalar gumbazi qovurg’ali. Madrasaning kirish eshigining yuqori qismiga Arab yozuvida binoning bunyod etilgan vaqti va me’mori, ta’mirlangani qaqida [sana] “1311 (milodiy 1893) amali Mulla Qirg’iz, me’mor, 1384 (milodiy 1964) ta’miri soniy usta Fozil Namangoniy”… deb bitilgan. Mulla qirg’iz madrasasi qurilishi (1910) da qatnashgan usta Fozil Ne’matulla o’g’li Namangoniy o’g’illari va shogirdlari bilan binoni ta’mirlagan; hovli usti yopilib, sahna va zallar barpo qilingan.