G’AFUROV MAHMUDJON

G’AFUROV MAHMUDJON (1917.20.10 — Toshkent — 2000.5.1) — xonanda (tenor), aktyor. O’zbekiston xalq artisti (1950). 1939 yildan Muqimiy teatrida aktyorxonanda. shuningdek, Navoiy teatri yakkaxon xonandasi (1951 — 53). Muqimiy teatrida sahnalashtirilgan musiqali dramalarda Tohir (T.Jalilov, “Tohir va Zuhra”), Alpomish (T.Jalilov, “Alpomish”), Haydar (T.Jalilov, “Nurxon”), Subhonqul (S.Boboev, “Vatan ishqi”), Tursunali (M.Leviev, “Oltin kul”) kabi bosh qahramonlar obrazlari G’afurov ijrosida o’zining hayotiy talqinini topgan. Navoiy teatrida qodir (T.Sodiqov, R. Glier, “Gulsara”), Farhod (G.Mushel, Yu.Rajabiy “Farhod va Shirin”), Qays (T.Sodiqov, R.Glier, “Layli va Majnun”), Tohir (T.Jalilov, B.Brovsin, “Tohir va Zuhra”) va boshqa partiyalarda muvaffaqiyat qozongan. Keng, to’la ovoz sohibi G’afurovning xonandalik uslubi yuqori dramatik mahorat, his-tuyg’ularga boy, yorqin ijro, yaxlit badiiy obrazlari bilan ajralib turadi. 1960-70 yillarda G’afurov ijodining boshqa yangi qirralari Shayx (T. To’la; I.Akbarov, “Qizbuloq”), Hota.m Soliev (Z.Fatxullin; I.Akbarov, “Kumush to’y”) kabi xarakterli rollarda namoyon bo’ldi. Ayni paytda G’afurov operetta ustasi sifatida ham tanilgan: Petro (N.Lisenko, “Poltavalik Natalka”), rajami (I.Kalman, “Bayadera”) va boshqalar. G’afurov Navoiy, Mashrab, Muqimiy, Furqat, Maxtumquli g’azallari bilan aytiladigan mumtoz qo’shiqlarning mohir ijrochisi. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan (1998).