TSIKLON

TSIKLON (texnikada) — havo (gaz) ni uning tarkibidagi muallaq qattiq zarralar (masalan, suv tomchilari yoki chang) dan markazdan qochma kuch ta’sirida tozalash uchun mo’ljallangan apparat. Tuzilishi past tomonga konussimon torayib boradigan tsilindrik korpus, korpusga urinma yoki spiralsimon tarzda o’rnatiladigan patrubok va chiqish quvuridan iborat. Iflos havo (gaz) katta tezlikda patrubok orqali Tsiklonning yuqori qismiga yuboriladi. Havo (gaz) aylanma harakatlanib, yuqoridan pastga spiralsimon uyurma hosil qilib tushadi. Shunda markazdan qochma inersiya kuchi ta’sirida muallaq qattiq zarralar (masalan, chang zarralari) Tsiklon devoriga irg’itiladi, havo (gaz) bilan birga korpus tagiga tushib, chiqish patrubogi orqali chiqadi. Tozalangan havo (gaz) chshdpp quvuri orqali harakatlanib, ichki uyurma hosil qiladi va tashqariga chiqib ketadi. Havo (gaz)ning tozalanish darajasi apparatning geometrik o’lchamlari va shakliga, chang (tomchi)ning xossalariga, havo (gaz)ning oqimi tezligi (20— 25 metr/sekund) va boshqa omillarga bog’liq. Tsiklon, asosan, sanoat korxonalarida qo’llanadi.