FINIK PALMASI

FINIK PALMASI, xurmo palmasi, Feniks (Phoenix) — palmadoshlar oilasiga mansub ikki uyli daraxtsimon o’simliklar turkumi. Afrika va Osiyoning tropik va subtropik mintaqalarining daryolarga yaqin, yer osti suv manbalari bor qurg’oq joylarida, vodiylarda, botqoqliklarda 15 turi o’sadi. Asil Finik palmasi (Ph. dactylifera) yoki Arab xurmosi turi — shimoliy Afrika, Arabiston yarim oroli, Janubiy Eron, Afg’oniston va Pokistonning quruq subtropik mintaqalarida o’suvchi qadimgi madaniy o’simlikdir. Yovvoyi turi ma’lum emas. Finik palmasi miloddan avvalgi 4-ming yillikda Shumer, Ossuriya va qadimgi Misrda ekilgani ma’lum. Tanasi barg bandlari qoldiqlari bn, tepa qismi qalin patsimon burglar bilan qoplangan. Gullari bir jinsli, ro’vaksimon to’pgul hosil qiladi, shamol yordamida changlanadi. Mevasi kattik urug’li, ba’zilariniki yeyishli. Tanasi tik o’sadi, balandligi 15-20 metrgacha, mevasi — finiki (xurmosi) cho’zinchoq yoki oval, uzunligi 7,5 santimetr, diametri 3,5 santimetr, yangiligida va yarim quritilgan holda iste’mol qilinadi. Arab mamlakatlarida Finik palmasi asosiy ovqat hisoblanadi (undan kamida 100 xil ovqat tayyorlanadi), eksport qilinadi. Tarkibida 62— 71% qand, 1-2,5% oqsil, 2,5% yog’ moddalari bor. Daraxt po’stlog’ini tilib sharbati olinib, shakar, finik vinosi, barglari tolasidan arkrn, savatlar tayyorlanadi. Urug’idan va ildiz bachkilaridan ko’payadi. Asil Finik palmasi mevasi yetishtirish bo’yicha Iroq va shimoliy Afrika mamlakatlari oldingi o’rinlarda turadi. O’rta Osiyoda Turkmaniston Janubi g’arbida 1939 yildan ekiladi. O’zbekistonda manzarali o’simlik sifatida uchraydi.