Solnomalar nima haqda so’zlaydi?
Davlat tarixidagi o’ta muhim voqealar haqida hikoya qilinadigan tarixiy mazmundagi yodgorliklar solnomalar deb ataladi. Solnoma matni sanaviy (yillar bo’yicha tartib berilgan) qaydlardan iborat bo’ladi. Ularning har biri “ammo, roviylar andoh rivoyat qilibdurlarkim” degan so’zlardan va o’sha yili sodir bo’lgan voqealar to’g’risidagi ma’lumotlardan boshlanadi. Ma’lumotlar uzun ham, qisqa ham bo’ladi, ba’zida ularda hatto muhim voqealar haqida kattagina hissalar ham darj etiladi. Ba’zida solnomachi quyidagicha ta’kid bilan cheklanishi ham mumkin: “6752(1244) yozida hech nimarsa yuz ochmadi” (ya’ni hech bir voqea sodir bo’lmadi). Bir qarashda solnomalar shu yo’sinda yuritilavergandek, ya’ni solnomachi yildan-yilga yangidan-yangi qaydlar qo’shavergandek, ulardan birin-sirin hajman katta jild tarkib topgandek tuyulishi mumkin. Aslida bunday emas. Chin tarixchi sifatida solnomachilar mamlakatda sodir bo’lgan hamma narsa haqida imkoni boricha aniqroq hikoya qilishga intilganlar. Qisqa va aniq hikoya tuzish uchun solnomachilar voqealar bag’riga kirib borishar edi. Ular o’z knyazlarining “uzangisi yonida” jang qildilar, yurishlar va shaharlarni qamal qilish operatsiyalarida ishtirok etdilar, dunyo ishlarida qatnashdilar. Shunday bo’lsa-da, solnomachi o’zi guvoh bo’lmagan va bo’la olmagan voqealar to’g’risida hikoya qilishi lozim edi, shuning uchun solnomalarga boshqa shaxslarning hikoyalari ham, va hattoki afsonalar va rivoyatlar ham kiritilgan. Ko’pgina adabiy asarlar — masalan, “Botuxonning Ryazanni tiz cho’ktirishi” haqida qissa, Afanasiy Nikitinning “uch dengiz osha sayohat”lari solnomalar tarkibida bizga qadar yetib kelgan. Yangi solnomani boshlayotgan solnomachi uning salaflari qilgan hamma narsaga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo’lgan. O’tgan yillar voqealari tafsilotlarini to’ldirish va aniqlashtirishga musharraf bo’linganida, ular avvaldan mavjud qayd yillariga qo’shib qo’yilgan. Yozilganlarning to’g’riligini tasdiqlash uchun solnoma matniga turli hujjatlar: shartnomalar, vasiyatnomalar, maktublar kiritilgan. Bunday paytda solnomachi kiritilayotgan materialga o’z munosabatini bildirishdan cho’chib o’tirmagan. Keng qamrovli solnomalar majmuasi shu tariqa vujudga kelgan. Solnomalarning zamondoshlaridan biri: “bordi-yu, hammasini bilishni istasang, eski Rostov solnomasini o’qigil” deb behudaga yozmagan. Solnomalarni monastirlarda yoxud knyazlar saroyi huzurida bitdilar. Har bir Knyaz uning ishlari aks ettiriladigan solnoma yuritilishiga intilar edi. Buyurtmachining mol-davlatiga va solnomachilarning imkoniyatlariga qarab qo’lyozmalar rasmlar-miniatyuralar bilan bezatilardi. Masalan, “Radzivilov solnomasi” matniga 617 dona miniatyura hamnafas bo’ladi. Solnomalar o’z zamonasining o’ta muhim hujjatlari edi. Shartnomalar tuzayotganda va diplomatiya muzokaralari yuritayotganda ularga murojaat etishgan. Masalan, Oltin O’rda sari jo’nayotgan rus knyazlari albatta o’zlari bilan birga solnomalarni ham olishardi va o’z talablarini ularga tayanib asoslab berishardi, shu tariqa bahsli masalalarni hal etishardi. Rusdagi solnomanavislik ibtidosi Kiev — Pechersk monastirining rohibi Nikon saqlanib qolgan solnomalardan eng qadimiysi bo’lmish “boshlang’ich majmua” solnomasini yurita boshlagan 1060-1070 yillarga borib taqaladi. XII asrda yozilgan Kiyev solnomasi voqealar bayoni bobida eng yorhin va serjilo hisoblangan. Unda 1118 yildan to 1200 yilga qadar sodir bo’lgan voqealarning izchil bayoni darj etilgan. Boshqa bir rus solnomasi — muallifi solnomachi Nestor bo’lgan “yil fasllari qissasi” unga ilova etilgan edi. XII asr boshlaridan e’tiboran solnomanavislik deyarli butun rus bo’ylab keng tarqaldi. Hatto tatar boshini davrida ham solnomanavislik goho susayib, gohida boshqa joyda qayta paydo bo’lgan holda davom etaverdi. Uning faolligi jo’sh urgan palla tatar-mo’ng’ul istibdodi tugagan XIV asr oxirlari bilan bog’liqdir. Moskva solnomanavislikning asosiy markazlaridan biri edi. 1568-1576 yillarda Moskvada 10 ta katta jilddan iborat, 16 mingdan ortih miniatyura bilan bezatilgan muhtasham solnoma — “batafsil solnomaviy majmua” yaratiladi. XVII asr boshlanishi bilan solnomanavislik birin-sirin to’xtay boshlaydi. Uning o’rnini hujjatlarni asrash egallaydi. Ammo markazdan yiroq mintaqalarda, masalan, Sibirda — solnomaviy qaydlar yuritish hali ham davom etardi. Darvoqe, XVII asr oxirlarida solnomanavislik bu yerda ham barham topadi. Yetti asr davomida takomillashib borgan qadimgi rus solnomachilari o’z “majmualar” ida olis o’tmish haqida tengi yo’q ma’lumotlarni saqlab qolishga muvaffaq bo’ldilar.