FAGOSITLAR

FAGOSITLAR (Yunoncha phagos — yutuvchi va …tsit) — odam va hayvonlar biriktiruvchi to’qimalaridagi himoyaga ixtisoslashgan, fagositoz xususiyatiga ega bo’lgan hujayralar. Fagositoz hodisasini rus Fagot, olimi I.I.Mechnikov kashf etgan (1882). Umurtqasiz hayvonlarda Fagositlar vazifasini amyobositlar (gemolimfa tarkibidagi harakatchan hujayralar) bajaradi. Umurtqalilarda qonning shaklli elementlaridan biri — neytrofillar (mikrofaglar), retikuloendotelial sistema hujayralari va faol makrofaglarga aylana oladigan mikrogliylar Fagositlar hisoblanadi. Neytrofillar mayda zarralar (bakteriyalar va boshqalar) ni, makrofaglar o’lgan hujayralar yoki ularning qismlarini qamrab olish, manfiy zaryadlangan bo’yoq va kolloid moddalarni to’plash xususiyatiga ega. Plazmatik membrana bilan o’rab olingan zarrachalar tsitoplazmaga o’tgandan so’ng fagosomalarga aylanadi. Birlamchi lizosomalar fagosoma bilan qo’shilib, gidrolizlovchi fermentlar yutilgan zarrachalarni parchalaydi. Fagositlar organizmning nospesifik himoya vositalari sifatida katta ahamiyatga ega.