G’OZG’ON MARMAR KONI
G’OZG’ON MARMAR KONI – Navoiy viloyati Nurota tumanidagi noyob dekorativ xususiyatli marmar olinadigan kon. Navoiy shahridan 65 kilometr shimolda, Nurota tizmasining g’arbiy chekkasidagi G’ozg’on tog’ tizmasida joylashgan. Kon 1935-75 yillar mobaynida o’rganilib, 1970 yildan boshlab sanoat miqyosida foydalanilmoqda. G’ozg’ontov tog’lari uzunligi 40 kilometr, eni 1-6 kilometrgacha bo’lgan, shimoliy g’arbiy yo’nalishda cho’zilgan kichik antiklinal burmadan iborat. Uning yadrosi Nurota batolitining shimoliy-g’arbiy chekkasidagi intruziv (granitoid) jinslaridan, qanotlari esa paleozoyning cho’kindi-metamorfik jinslaridan tarkib topgan. Kesimning asosida slaneskonglomeratli qalin qatlam yotadi va bu qatlam pastdan yuqoriga qarab 6 ta gorizontga bo’linadi. Bu gorizontlarning umumiy qalinligi 950-1100 metr bo’lib, granit-aplitli va diabazli daykalar yorib chiqqan turli rangdagi marmarlardan tarkib topgan. 5-gorizont mahsuldor hisoblanadi va uning qalinligi 50-220 metr, yotish burchagi 40°. Bu gorizont KashKash-yangi maydonida joylashgan, u yerda sanoat asosida marmar qazib chiqarish 1935 yilda boshlangan. Konda 5 ta maydon razvedka qilingan. G’ozg’on Marmarining fizik-mexanik xususiyatlari: zichligi — 2,6 g/sm3, g’ovakliligi 0,8%, suv singdirishi 0,3%, qisilishga mustahkamlik chegarasi 110— 160 MPa, emirilishi 0,28 g/sm3. Marmar mayda donali, tekis kristalli, zich, chinnisimon (ba’zan g’ovakli siniq bilan), o’rta qatlamlidan qalin va yirik qatlamligacha. Ba’zi qatlamlar 0,2—0,5 dan 1 metrgacha yoki undan ham ortiq. Marmar kaltsit (85-90%), dolomit (10-15%), kvars (2-3%) donalaridan tarkib topgan. Aralashmalari — muskovit tangachalari, Ley-koksen, piritning mayda donalaridan iborat. Qazib olingan marmarning ba’zi bloklari ko’ndalangiga 0,5— 1,0 dan 2 metrgacha, goho undan ortiq bo’ladi. Rangi har xil to’q kulrang va tutun rangdan pushtigacha, och sariq, yashil, ba’zan oq, Jamp 35 xildan ortiq rangga ega. Ranglar notekis taqsimlangan, yo’l-yo’l ko’rinishda. Asosiy rangi 5 xil: oq (12%), pushti (14,5%), sariq (0,5%), tutun rangli (54%) va yo’l-yo’l to’q kulrang bo’ladi. Ranglarining darajasiga ko’ra 2 tipdagi marmar mavjud: och va to’q rangli marmar qatlamlari orasida och ranglilar 78% ni, kulranglari esa 22% ni tashkil qiladi. Konda qatlam bo’yicha tik va diagonal darzliklar sistemasi mavjud. Marmarni arralash tabiiy qatlamlar bo’ylab amalga oshiriladi. Chiqindisidan marmar maydasi, quyma tosh va qum ishlab chiqariladi. G’ozg’on marmari nisbatan mo’rt, yaxshi silliqlanadi, oynasimon aks beradi, yuqori darajada dekorativ. Ulardan binolarning ichki va tashqi tomonlarini qoplashda hamda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishda foydalaniladi. G’ozg’on Marmari qadimdan ma’lum, Samarqand va Buxorodagi masjid-binolarni qurish hamda bezashda ishlatilgan. Hozirda G’ozg’on marmar konining marmari Moskvaning 20 dan ortiq metro stantsiyasini, vokzallarini, Ostanknno teleminorasining ichki qismini hamda Sankt-Peterburg, Kiev, Ulyanovsk, Boku, Novosibirsk, Olmaota sh.laridagi inshootlarni bezab turibdi. Toshkentdagi Navoiy nomidagi katta teatrning ichki va tashqi tomonlarini bezashda va 1966 yildagi zilziladan keyin qurilgan deyarli barcha me’morlik inshootlarida G’ozg’on marmaridan foydalanilgan.