G’OYA, BADIIY G’OYA

G’OYA, BADIIY G’OYA — adabiyot va san’at asarlari zamirida yotgan emosional obrazli fikr. Hayotda ro’y bergan yoki ro’y berishi ehtimol tutilgan har bir voqea va hodisa adabiyot va san’at asarlarida o’z ifodasini topishi mumkin. Yozuvchi yoki san’atkor tomonidan tasvir etilgan shunday voqea va hodisa badiiy G’oyaning predmeti hisoblanadi. Badiiy G’oyaning emosional ta’sir kuchi, voqea va hodisaning muhimligi hamda uni tasvirlagan yozuvchi yoki san’atkorning mahorati bilan belgilanadi. Badiiy G’oya tasvir etilgan voqea va hodisaning oddiy in’ikosi yoki shu voqea va hodisadan hosil bo’luvchi tasavvur, ma’no va mazmungina emas, balki igu hayotiy voqea va hodisani muayyan nuqtai nazardan idrok va talqin etish natijasida yuzaga kelgan emosional obrazli fikrdir. Sho’ro davri adabiyotshunosligi va san’atshunosligida G’oya tushunchasi ostida badiiy G’oya nazarda tutilgan bo’lsada, bu G’oyaga ijtimoiy-siyosiy tus berilgan, adabiyot va san’at asarlaridan sho’ro davri mafkurasi talablari bilan uyg’un bo’lgan G’oyagina axtarib kelingan. Bunday G’oya topilmagan taqdirda, u yoki bu asar muallifi maslaksizlikda, g’oyasizlikda ayblangan. Vaholonki G’oya badiiy tafakkur mevasi va shu tafakkurning u yoki bu asardagi voqea tasviridan kelib chiquvchi muayyan emotsional ta’sir kuchiga ega bo’lgan obrazli ko’rinishidir. Inson bu dunyodagi mo”jizalardan biri Niagara shalolasini ko’rib, Mahliyo bo’lishi, cho’chishi yoki hayratga tushishi mumkin. Agar shu Shalolaning hayratomuz manzarasi badiiy asarda muayyan maqsadda tasvir etilgan bo’lsa, undan kelib chiquvchi emotsional obrazli fikr o’quvchi yoki tomoshabinni faqat hayratga solibgina qolmay, unda boshqacha fikrni, kayfiyatni ham uyg’otadi. U mazkur asarni o’qib yoki ko’rib, inson tabiat kuchlari oldida ojiz bir mavjudotdir, degan fikrga kelishi mumkin. Aksincha, u ana shu dahshatli go’zallik ham inson uchun Alloh tomonidan yaratilgan, degan yuksak bir fikrga kelishi ham tabiiy. U qanday fikrga kelgan bo’lmasin, bu fikr-xulosa shu voqea tasvir etilgan asar zamirida yotgan va muallifning niyati bilan bog’liq bo’lgan badiiy G’oyadir. Badiiy G’oya faqat muayyan voqea va hodisa tasvirlangan asar zamirida yotadi, deyish to’g’ri emas. Zero, lirik she’riyatda voqea va hodisa tasviri emas, balki shoirda muayyan hodisa (masalan, Kamalak taralishi, kuyosh botishi yoki bepoyon dengiz bilan uchrashuv) tufayli tug’ilgan his-tuyg’u va lirik kechinma tasvir etiladi. So’nggi yillarda sho’ro mafkurasidan voz kechilgani va shu mafkura talablari asosida yaratilgan asarlarga bo’lgan munosabat keskin o’zgargani uchun ayrim adabiyotshunos va san’atshunoslar G’oyaning adabiyot va san’at asarlaridagi o’rni va ahamiyatini rad etmoqchi bo’ladilar. Holbuki, G’oyani badiiy fikr sifatida inkor yoki rad etish adabiyot va san’atni maslaksizlikka, ma’nosizlikka olib borishi mumkin. Sho’ro davri mafkurasining biror izi bo’lmagan Sharq adabiyoti va san’ati (masalan, qo’shiqchilik va raqs) da ham badiiy G’oya mavjud edi, Sharq adabiyoti va san’ati uzoq asrlardan beri xalqni ana shu badiiy G’oya asosida tarbiyalab keldi va hozir ham tarbiyalab kelmoqda. Agar bir asar zamirida yotgan fikr badiiy G’oyani tashkil etsa, shu asar mansub bo’lgan yozuvchi ijodi yoki adabiy jarayon zamorida yotgan fikrlar majmuasi goyaviylik deb ataladi. Sho’ro davri mafkurasi g’oyaviylikka o’ta siyosny ruh berib, uni g’oyaparastlikka aylantirib yubordi. Holbuki, G’oya ham, g’oyaviylik ham kitobxon yoki tomoshabin yoxud tinglovchining g’ashiga tegmasligi, balki uning qalbidagi sog’lom fikr va tuyg’ularning yuzaga chiqishiga ko’mak berishi, unda ezgu intilishlarni uyg’otishi lozim, xolos Shuning uchun ham adabiyot va san’at asarlaridagi G’oya badiiy G’oya hisoblanadi. Ad.: Baxtin M.M., Estetika slovesnogo tvorchestva. M., 1979; Xalizev V.E.. Tsoriya literaturm, M.. 1999; QurbonovD., Adabiet nazariyasi. T., 2004;izzat Sulton, adabiyot nazariyasi. T., 2005. Naim Karimov.