TSITOXROMLAR

TSITOXROMLAR (Yunoncha kitos – hujayra va chroma — rang, bo’yoq) — tarkibida temir atomlari bo’lgan murakkab oqsillar. Tsitoxromlarning oqsil bo’lmagan qismi (prostotik guruh) gemdan iborat. Tsitoxromlar o’simlik va hayvon hujayralari, mikroorganizmlar (achitqilar, ayrim fakultativ anaeroblar)da mitoxondriylar, endoplazmatik to’r, xloroplastlar va xromatoforalar membranalarida joylashgan. Tsitoxromlar tirik organizmlarda kechadigan jarayonlar: hujayraning nafas olishi, fotosintez va mikrosomal oksidlanishida muhim ahamiyatga ega. Tsitoxromlarning elektronlarni berish va qabul qilib olish xususiyati ular gemi tarkibidagi temir atomi valentligi o’zgarishi bilan bog’liq. Odatda, Tsitoxromlar o’zaro birikib, zanjir hosil qiladi; elektronlar ana shu zanjir bo’ylab donordan aktseptorga uzatiladi. Xloroplastlar, mitoxondriylar va prokariotlarda elektron ko’chiruvchi zanjirning energiya bilan ta’minlanishi yorug’lik energiyasi (fotosintez) yoki substratning oksidlanishi (nafas olish)da hosil bo’ladigan energiya hisobiga amalga oshadi. Endoplazmatik to’r membranalarida elektron ko’chiruvchi zanjirlar, odatda, kalta bo’lib, mikrosomal oksidlanish jarayonida aromatik birikmalarni zararsizlantirish vazifasini bajaradi. 40 ga yaqin Tsitoxromlar aniqlangan, ularning bir qismi toza holda individual oqsillar sifatida olingan. Tsitoxromlar 4 asosiy guruh (a. v, s, d)ra ajratiladi. Bu guruhlar, o’z navbatida, yana bir necha kichik guruhlarga bo’linadi. (masalan, tsit. a, tsit. ar tsit. A2, tsit. A3, Ts.r-450, Ts.I). Ayrim Tsitoxromlar membranalar bilan mustahkam bog’langanligi sababli ularni toza holda ajratib olish qiyin. Tirik organizmlardan ajratib olingan Tsitoxromlar S1 ning oqsil qismidagi aminokislotalar ketma-ketligini takdoslash natijasida polipeptid zanjirning turli qismlarida 35 va 11 ta aminokislota joylashganligi, polipeptidlar tarkibi doimiy bo’lishi aniqlangan. Polipeptid zanjirning boshqa qismlarida almashinib qolgan aminokislotalar miqsori mazkur turlar o’rtasidagi filogenetik farq bilan bevosita bog’liq. Masalan, ot bilan achitqi zamburug’i Tsitoxromlar s, dagi 48 ta, o’rdak bilan tovuq faqat 2 ta aminokislota qoldig’i bilan farq qilishi, sigir bilan qo’y esa umuman farq qilmasligi aniqlangan. Tsitoxromlar molekulalarini o’rganish ayrim evolyusion hodisalarni, masalan, mutasion jarayon tezligini, filogenetik yaqinliklarni, oqsil molekulalari ayrim qismlarining evolyutsion o’zgaruvchanlik darajasini miqsor jihatdan tavsiflash imkonini beradi.