KO’HISIM

KO’HISIM (Qo’rg’ontepa) – Iloq davlatidagi qadimgi shahar xarobasi (6 — 11-asrlar). Nishboshsoyning Ohangaron Daryosiga quyilish yerida, Angren shahri yaqinida. 1960 yil D. P. Varxotova va V. A. Nilsen u yerda dastlabki qazish ishlarini olib borgan. Tadqiqotlar natijasida quyidagilar aniqlangan: Ko’hisim 6-7-asrlarda yirik yer egasi — dehqon qo’rg’oni sifatida yuzaga kelgan. 8-9-asrlarga kelib, qal’a-shaharga aylangan va maydoni 16 gekarni tashkil etgan. Bu davrda u 3 qism — qal’a, Shahriston hamda raboddan ibo- rat bo’lgan. Ravnaq topgan davri 9-10-asrlarga to’g’ri keladi. 1962 va 1963 yillarda olib borilgan qazishmalar vaqtida 10-11-asrlarga oid ikkita mis va kumush tangalar xazinasi, paleolit davriga mansub chaqmoqtoshdan qilingan mehnat qurollari, sopol haykalcha bo’lagi, 10-asrga doir sopol va shisha idishlar siniqlari topilgan. Shuningdek, Nishboshsoy bo’yidan qizil porfirit (tog’jinsi) dan yasalgan tegirmon toshi bo’lagi ham topilib, uning rudalarni maydalashda ishlatilgani ma’lum bo’ldi. Ad.: Buryakov Yu. F., Genezis i etapi razvitiya gorodskoy kulturi Tashkentskogo oazisa, T., 1982.