“Xlestakovchilik” nimani anglatadi?

Nikolay Vasilyevich Gogol sharofatidan rus tili tag’in bir ajoyib so’z bilan quvvatlanadi — bu, “xlestakovshina”, ya’ni “xlyostakovchilik”. Kimnidir andishasizlarcha maqtanchoqlik, laqmalik yoki jilovsiz yolg’onchilik ustida qo’lga tushirmoqchi bo’lishganlarida shunday deyishadi. Zotan, Xlestakov — Gogol qalamiga mansub “Revizor” sanaladi. Agar siz yolg’onchi, laqqi yoxud mashmashabozning jon-jonidan o’tkazmoqchi bo’lsangiz, bundan-da ma’qulroq laqabni to’qib bilmaysiz. Kimsan, Xlestakov! Buning barobarida bor narsa aytiladi. Aytgancha, adabiyot tarixchilari binoyiday ruscha familiya bekordan-bekorga jabrlangan deb hisoblashadi. Chunki “Revizor” qahramonining prototipi — umriboqiy Xlestakov timsolini yaratish chog’ida muallifga xizmat qilgan real odam bo’lgan. Bu zotni allaqaysi Roman Medoks deb taxmin qilishadi. Nasl-nasabi inglizlardan bo’lmish Roman Medoks teatr xodimlari xonadonida voyaga yetadi va, zamondoshlarining xotirlashicha, kamdan-kam topiladigan evrilish iste’dodiga ega bo’lgan. O’zingiz bir hukm chiqarib ko’ring-chi. 1812 yilning qahratonida o’sha zamonlarda Shimoliy Kavkazning ma’muriy markazi bo’lgan Georgiyevsk shahriga navqiron kishi yetib keladi. O’zini leybgvardiya otliq polki poruchigi va Adliya vaziri ad’yutanti Sokovnin deb tanishtirgach, u “Cherkayelar va Kavkaz xalqlarining turli qabilalaridan” opolcheniya jamlash uchun o’ziga go’yo hukumat tomonidan berilgan hujjatlarni vitse-gubernator Vrangelga ko’rsatadi. Mashmashabozning gaplariga laqqa tushgan mahalliy ma’murlar vazir ad’yutantiga 10.000 rubl (nihoyatda katta summa) beradilar va tog’li knyazlarga opolcheniya jamlashda ishtirok etishga da’vatnomalar jo’natadilar. Boshliqlar esa — harbiy ham, noharbiylar ham, — “Sankt-Peterburgdan kelgan amaldor”ni mehmon qilish va dimog’ini choq etish xususida astoydil qayg’ura boshlaydilar: ko’ngilxushliklarning keti uzilmasdi… Mahalliy pochtmeystrga barcha rasmiy yozishmalar bilan tanishib chiqish huquqini beruvchi qalbaki ruxsatnomani taqdim etgan Sokovnin-Medoks poytaxtga jo’natilgan o’zining kelishi haqidagi depesheni qo’lga kiritadi. Qulog’i qizigan yolg’onchi poruchik Kavkaz liniyasi qo’mondoni general Portnyaginga hukumat anchadan beri baron Vrangelga ishonmaydi va Kavkazdagi gubernatorlikning ishlari to’g’risida Peterburgga maxfiy bildiruv jo’natmohchiman, deb aytishga haddi sig’adi… Tez orada bu “komediya” fosh bo’ladi. Nom o’g’risi hahida Adliya vaziriga ma’lum bo’ladi, shundan so’ng bo’lib o’tganlarning hammasi podshoga bildiriladi. Imperator Aleksandr I ning buyrug’iga binoan Roman Medoks Shlisselburg qal’asiga olib kelinadi, u bu makonda 15 yil qamoqda yotadi. Darvoqe, “xlestakovchilik”ni “medoksichilik” deb o’zgartirish fursati kelmadimikin? Hech bo’lmaganda, Xlestakov degan familiya Rossiyada ancha-muncha keng tarqalgani bois, shu familiyadagi halol odamlar ko’pincha behudadan-behudaga qulog’igacha qizarmog’iga na hojat? Albatta, bu hazil. Xlestakov — buyuk komediya qahramoni — o’lmas. Xo’sh, Medoks-chi? Kim bo’libdi o’zi? Jinoiy ishi uchun 15 yil o’tirgan arzimas lo’ttiboz-da u.