YAKSART
YAKSART — Sirdaryoning qadimda yunon, o’rta asrlarda G’arbiy Yevropa manbalarida uchraydigan nomi. Pliniyning ma’lumotiga ko’ra, daryoni baqtriyaliklar Laksat (Yaksart), skiflar Silis deb atashgan. Klavdiy Ptolemey (milodiy 2-asr) ning “geografiyadan qo’llanma” asarida yozishicha, Yaksart daryosi sohillari yaqinida yaksartlar degan katta qabila yashagan. Yaksartning pahlaviycha Yaxshart shakldagi nomini sharqshunos I.Markvart Yaxsha arta — haqiqiy, toza Gavhar deb izohlaydi. Yaxshagavhar so’zi daryoning xitoycha (Chinchuxe) va turkiycha (Yinchyuo’g’uz) nomlarida ham mavjud. Yaksartning xitoycha transkripsiyasi — Yaosha, Yausha yoxud yosha. Islomiyat davridagi Arab (Beruniyning “Mas’ud qonuni”) va fors (hudud ulolam) manbalarida — Xashart shaklida uchraydi.