YAMAN

YAMAN, Yaman Respublikasi (Al- Jumhuriya al-Yamaniya) — Arabiston yarim orolining Janub qismidagi davlat. Maydoni 528 ming kilometr kvadrat. Aholisi 19,3 million kishi (2002). Poytaxti — Sano shahri. ma’muriy jihatdan 19 viloyat (muhofaza)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Yaman — Respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1991 yil 15— 16 mayda qabul qilingan; 1994 va 2001 yillarda o’zgartirishlar kiritilgan. Davlat boshlig’i — prezident (1990 yildan Ali Abdulloh Solih; 1978-90 yillarda Yaman Arab Respublikasi Prezidenti), u umumiy yashirin ovoz berish yo’li bilan 7 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni deputatlar palatasi (1 palatali parlament), ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Yaman aksariyat tog’li mamlakat; mamlakat g’arbida Yaman tog’lari joylashgan (eng baland joyi 3600 metr — Annabi-Shoib tog’i). Qizil dengiz va Adan qo’ltig’i sohili bo’ylab Tixoma cho’li cho’zilgan. Sharqida Rub ul-Xoli cho’liga tutashib ketadigan uncha baland bo’lmagan yassitog’lik va tepaliklar joylashgan. Qizil dengiz qirgoqlari kam parchalangan, ayrim joylarda marjon riflari bor. Yamanda osh tuzi, alebastr, neft, Marganes rudasi, yarim qimmatbaho toshlar bor. Iqlimi tropik, hududining katta qismida quruq iqlim. O’rtacha temperatura yanvarda 20-25°, iyunda 21-32°. Yillik yog’in 40-1000 millimetr. Daryolari yilning ko’p qismida quriydi. Eng muhim daryosi — masila. Tuproqlari qizil qo’ng’ir, ayrim joylarda sho’rxoklar uchraydi. Tog’larning ko’p qismida o’simlik o’smaydi; tog’yon bag’irlari akasiya, Mimoza, oleandr, aloe, fikus o’simliklari bilan qoplangan. Tekisliklarda cho’l va chala cho’l o’simliklari, vohalarda xurmo palmasi o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan g’izol, yovvoyi eshak (onagr), yirtqichlardan sirtlon, bo’ri, tulki, qoshtop bor; gamadril va pavian maymuni uchraydi. Qirg’oqqa yaqin suvlarida baliq turi ko’p. Aholisining ko’pchiligi arablar; shuningdek, efiop, hind, yahudiy, somalilar, pokistonliklar ham yashaydi. Rasmiy til — Arab tili. Davlat dini — Islom. Shahar aholisi 23,5%. Yirik shaharlari: sano, Adan, Taiz. Tarixi. Miloddan avvalgi 2-ming yillik oxiri va 1-ming yillik boshida ya. hududida o’ziga xos Jan. Arab madaniyati shakllandi. Shu davrda Xadramaut, Qatabon, Saba, keyinchalik mani davlatlari paydo bo’ldi. Miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtalarida Saba davlatining mavqei oshib, qo’shni davlatlar unga tobe bo’lib qoldi. Milodiy 4-asr boshida ya.ning barcha hududi himyariylar podsholigiga birlashdi. 4-6-asrlarda Yamanda iudaizm va xristianlik tarqaddi. 6-asr boshida Yamanni efioplar, 6-asr oxirida Sosoniylar bosib oldi. 629-630 yillarda Yaman Arab xalifaligi tarkibiga qo’shib olindi. Yaman hududida arab-musulmon madaniyati qaror topdi. Islom dini sekin asta hukmron dinga aylana bordi. 9-asrda Yamanda mustaqil Ziyodiylar davlati (poytaxti Zabid shahri), Yafuriylar davlati (poytaxti sano shahri) vujudga keldi. 10-asrda Yaman hududining bir qismi shialarning Zaydiylar mazhabi tarafdorlari qo’liga o’tdi. Keyingi davrlarda Yamanda turli sulolalar hukmronlik qildi. 16- asr boshida Yaman Usmonli turk imperiyasi tarkibiga kirdi. 17-asr boshida u yerda turklarga qarshi qo’zg’olon ko’tarilib, Zaydiy imomlari boshchiligida 1633 yil mustaqil davlat (imomatlik) tuzildi. 19-asr boshida Yamanga vahhobiylar tez-tez hujum qilib turdi, keyinchalik Misr podshosi Muhammad Ash qo’shinlari bostirib kirdi. 1840 yilgacha Yaman Misrga tobe bo’lib qoldi. 1839 yildan Janubiy Yaman (Adan mustamlakasi va Adan protektoratlari)da Buyuk Britaniya o’z hukmronligini o’rnata boshladi. 19-asrning 70-yillari boshida shimoliy Yamanda Turkiya hukmronligi tiklandi. 19-asr oxiri — 20-asr boshida shimoliy Yamanda Turkiya hukmronligiga qarshi bir necha bor qo’zg’olon ko’tarildi. 1904— 11 yillarda bo’lib o’tgan qo’zg’olonlar natijasida shimoliy Yaman muxtoriyatga erishdi. 1918 yil mustaqil Qirollik deb e’lon qilindi. 1962 yil 26 sentyabrda Sanoda bo’lgan inqilob natijasida monarxiya tuzumi ag’darib tashlandi va shimoliy Yamanda Yaman Arab Respublikasi tuzilganligi e’lon qilindi. Janubiy Yaman xalqining inglizlar hukmronligiga qarshi ozodlik kurashi shimoliy Yamandagi ozodlik harakatlarining muvaffaqiyatlaridan so’ng avj olib ketdi. Buyuk Britaniya Adan shahri va Adan protektoratida o’z mavqeini saqlab qolish maqsadida 1959 yil Janubda Arab Amirliklari federatsiyasi (1962 yildan Janubiy Arabiston federatsiyasi, JAF)ni tuzdi. Xalq ommasi JAFga qarshi kurash olib bordi. Bu kurash shimoliy Yamanda Yaman Arab Respublikasi tuzilganidan keyin yanada kuchayib ketdi. Mustaqillik uchun kurash natijasida Janubiy Yamanning katta hududi ozodlik kuchlari qo’liga o’tdi. Buyuk Britaniya Janubiy Yamanni mustaqil deb tan olishga majbur bo’ldi va 1967 yil 30 noyabrda Adandan o’z qo’shinlarini olib chiqib ketdi. O’sha kuni mustaqil Janubiy Yaman Xalq Respublikasi (1970 yildan Yaman Xalq Demokratik Respublikasi) tuzilganligi e’lon qilindi. 1990 yil Yaman Arab Respublikasi bilan Yaman Xalq demokratik Respublikasi birlashishi natijasida Yaman Respublikasi tashkil topdi. Ammo mamlakatda janublik va shimolliklarni ajratib tashlashga bo’lgan harakatlar saqlanib qoldi; bu 1994 yil shimolliklar g’alabasi bilan tugagan yirik harbiy to’qnashuvga ham olib keldi. Yaman — 1947 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1991 yil 30 dekabrda tan olgan va 1996 yil 21 mayda diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayrami — 22 may — Milliy birlik kuni (1990). Siyosiy partiya va kasaba uyushmalari. Umumiy xalq Kongressi, 1982 yil tuzilgan; Yaman sotsialistik partiyasi, 1978 yil asos solingan; islohotlar uchun Yaman birligi, 1990 yil tashkil etilgan. Yaman Respublikasi ishchilari kasaba uyushmalari umumiy federatsiyasi, 1990 yil tuzilgan. Xo’jaligi. Yaman — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jalik 23,9%, kon sanoati 16,6%, qayta ishlash sanoati 10,1% ni tashkil etadi. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i dehqonchilik. Faol aholining 70% dan ortig’i qishloq xo’jaligida band. Mahsuloti eksport qilinadigan asosiy o’simligi kofe; xurmo o’stiriladi. Bog’dorchilik (anjir, o’rik, Mango, anor va boshqalar) va tokchilik rivojlangan. Texnika va efir moyli o’simliklardan zanjabil, kunjut, paxta, tamaki, donli ekinlardan durra, tariq, arpa, bug’doy, makkajo’xori, dukkaklilar, sabzavot ekinlari ekiladi. Mamlakatning Janub va Janubi sharqidagi cho’l va chala cho’llarda voha dehqonchiligi rivojlangan (tariq, jo’xori, bug’doy, arpa, kunjut, paxta, kofe, tamaki, sabzavot, kokos va xurmo palmasi yetishtiriladi). Chorvachilikda qoramol (asosan, zebu), ‘ qo’y, tuya, ot, eshak, parranda boqiladi. Mamlakat Janub va Janubi sharqida ko’chmanchi chorvachilik rivojlangan. Asalarichilik bilan ham shug’ullaniladi. Baliq ovlanadi. Qizil dengizning qirg’oqqa yaqin joylaridan marvarid olinadi. Sanoatida neft, osh tuzi, temir rudasi, yarim qimmatbaho toshlar qazib olinadi. Neftni qayta ishlash, energetika, to’qimachilik, paxta tozalash, oziq-ovqat (tamaki, kofeni qayta ishlash korxonalari) sanoati mavjud. Yiliga o’rtacha 1,96 milliard kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Hunarmandchilikda uyro’zg’or anjomlari, mato, ko’npoyabzal, kulolchilik va zargarlik butomlari, tig’li qurollar ishlab chiqariladi. Yamanda temir yo’l yo’q. Avtomobil yo’llari uzunligi 64,6 ming kilometr. Dengiz savdo floti tonnasi 13,6 ming tonna dedveyt. Dengiz portlari: Adan, Hudayda, Moxa, Salif, Muqalla. Yaman chetga neft va neft mahsulotlari, kofe, baliq va dengiz mahsulotlari, paxta, teri, tamaki chiqaradi. Chetdan oziq-ovqat, jihozlar, sanoat buyumlari oladi. Tashqi savdoda Yaponiya, AQSh, Saudiya Arabistoni, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va boshqalar davlatlar bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — Yaman riali. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Davlat maktablarida o’qish bepul. Xususiy maktablar ham bor. Boshlang’ich maktablarda o’qish muddati 6 yil, o’rta maktablarda ham 6 yil Oliy o’quv yurtlari: Adandagi oliy pedagogika kolleji (1970 yil tashkil etilgan), universitet (1975), musiqa instituti, sano shahridagi universitet (1974). Ilmiy tadqiqotlar Adandagi universitetda olib boriladi. Sano shahrida kutubxona (1925), Adan shahrida “Misvat” va universitet kutubxonalari, arxeologiya muzeyi bor. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Yamanda bir qancha gazeta va juranl nashr etiladi. Asosiylari: “Arbaatashar oktobr” (“14 oktyabr”, Arab tilidagi kundalik gazeta, 1968 yildan), “Aljumhuriya” (“Respublika”, Arab tilidagi kundalik gazeta, 1948 yildan), “As- Sakafa aljadida” (“yangi madaniyat”, Arab tilidagi oylik jurnal, 1970 yildan), “Assaura” (“inqilob”, Arab tilidagi kundalik hukumat gazeta, 1948 yildan), “Assauri” (“Inqilobchi”, kundalik gazeta, 1967 yildan), “Saut alummal” (“ishchilar ovozi”, Arab tilidagi kundalik gazeta). Adan axborot agentligi, hukumat agentligi, 1970 yil tuzilgan; Saba axborot agentligi, hukumat agentligi, 1970 yil tashkil etilgan. Yaman radiotelevideniye xizmati, davlat tomonidan nazorat qilinadi, Adan shahrida joylashgan. Adabiyoti. O’rta asr Yaman adabiyoti umumarab adabiyoti oqimida rivojlandi va asosan diniy mavzudagi she’riyat keng tarqaldi. 12-asrda Nashvan alHimyariy tomonidan yaratilgan “Himyariy qasidasi” dostoni, alHamadoniyning “she’rlar devoni” bundan mustasno. 19-asrda milliy ozodlik harakatining avj olishi realistik adabiyotning yuzaga kelishiga sabab bo’ldi. Yahyo bin Muhammad alaryoniy, Abdul Karim Mazxar va boshqalar qasida janrida ijod qildilar. Yozuvchilardan Ahmad alFeys, Shauki Abdulla, Jafar Abdo, shoirlardan Farid barakat, Abdurahmon faxri, Ali Mahdi ashshinvax, Abadan Muhammad Duxays realistik yo’nalishdagi adiblar guruhiga kiradi. Jafar Lutfi Aman romantik yo’nalishda asarlar yaratdi. Muhammad Said Misvat, Muhammad Abdul Vali, Ahmad Mahfuz Omar, Ali Baazib, Muhammad Abdurahmon Ahmad, Muhammad Solih Haydariy kabilar o’z novella va kichik dramatik asarlari bilan mashhur. Me’morligi va tasviriy san’ati. Yaman hududida Mariba, Karnovu va boshqalar qadimgi shahar qoldiqlari topilgan (miloddan avvalgi 2-ming yillikka oid), ularning aksariyati to’rtburchak shaklida qurilib, atroflari baland (10-12 metr) devorlar bilan o’ralgan; irrigatsiya inshootlari (Maribadagi to’g’on, miloddan avvalgi 7-asr) va tosh ibodatxonalarning qoldiqlari, tosh va bronzadan ishlangan haykalchalar ham topilgan. Qatabon podsholigi (miloddan avvalgi 9-1-asrlar)ning poytaxti — Timna shahri xarobalari: tosh istehkomlarning qismlari, toshdan qurilgan binolarning devoriy yozuvlari, bo’rtma tasvirli stelalar, Xadramautda miloddan avvalgi 4-3-asrlarga oid shahar vayronalari (istehkom devorlari, minora tipidagi uylar, qabrtoshlar), suv havzalari (Adanda) saqlanib qolgan. Mamlakatning turli rayonlaridan miloddan avvalgi 1-ming yillikka oid odam va hayvonlarning bronza va oltindan ishlangan tasvirlari, geometric naqshli sopol buyumlar, Timnada devoriy bronza bo’rtmalar va Ellini tusidagi haykalchalar (miloddan avvalgi 1-asr) topilgan. Yamanda Islom dini tarqalishi bilan masjidlar qurila boshladi. 7-16-asrlarda minorali masjidlar (sano shahridagi al-Jomiy al-Kabir masjidi, 670-yillar, 8, 10 va 12-asrlarda kengaytirildi; Taiz shahridagi alashrafiya masjidi, 13- asr), “qubba” — avliyolar maqbaralari qurildi. 20-asrda shaharlarda milliy me’moriy an’analar saqlangan holda zamonaviy tipda sanoat va irrigatsiya korxonalari, turar joy va ma’muriy binolar barpo etildi. Yamanda qadimdan amaliy bezak san’ati turlari (kumush, toshdan buyumlar yasash, gilamchilik, zargarlik, kiyimga gul tikish) keng tarqalgan. Musiqasi. Yaman musiqasida Vizantiya, Bobil, Misr madaniyati ta’siri seziladi, boshqa Arab mamlakatlari (Saudiya Arabistoni, Iroq va boshqalar) musiqa an’analariga yaqinlik mavjud. Arxiak musiqa namunalari saqlanib qolgan (folklar she’riyatini badiiy o’qish); qo’shiq va cholg’u uslubini belgilovchi lad (maqam), ritmik formulalar tizimi shakllangan. Musiqa asboblari:: ud (lyutna), qonut (tsitra), mizmar (sunray turi), zarbli — tabl, def, mirvas, xager va boshqalar qadimda shoirdostonchilar, roviylar (rivoyat, nasihat aytimlarini ijro etuvchilar) san’ati rivojlangan. Islom davridan boshlab diniy shakllar bilan birga dunyoviy mazmundagi maual, muvashshax, takasim va boshqalar janrlar keng o’rin olgan. Shuningdek, Yamanda erkaklarning jangovar davra qo’shiqlari (albara), to’y raqslari (zeffa, murakkax va boshqalar), ayollarning yakka va jamoa qo’shiqlari tarqalgan. Musiqaning zamonaviy shakllari ham rivojlangan. Musiqa bo’yicha kadrlar Adan shahridagi Musiqa institutida tayyorlanadi. Milliy qo’shiq va raqs ansambli bor.