YAGANA
YAGANA, yaganalash — ekinlarning qalinligini me’yordagi zichlikka keltirish uchun siyraklash; qatordagi yoki o’simlik uyalaridagi ortiqcha (kasallangan, yaxshi avj olmagan) nihollarni olib tashlash. O’simlikning jadal rivojlanishi va mo’l hosil to’plashini ta’minlaydigan agrotexnik tadbirlardan biri. Vegetatsiya davrining boshida o’simliklarning o’sib, rivojlanishiga qulay sharoit yaratish va sifatli hosil olish maqsadlarida o’tkaziladi. Barcha chopiq qilinadigan ekinlar (g’o’za, qand lavlagi, don uchun ekilgan makkajo’xori, sabzi, sholg’om, kungaboqar va boshqalar) Yagana qilinadi. Yagana kultivatorlar, maxsus Yaganalash mashinalari yordamida yoki qo’lda bajariladi. Yagana g’o’za, qand lavlagi 2 chinbarg chiqarganidan so’ng, sabzavot ekinlarida ildizmeva hosil bo’layotgan davr boshida o’tkaziladi. G’o’za qator orasi 60 santimetr qilib ekilganda har bir metrda 8-9 tup ko’chat qoldirilishi, ildizmevalilarda ya.dan keyin tup orasi sholg’omda 5-7 santimetr, sabzida 3-5 santimetr bo’lishi kerak; qovoq, qovun-tarvuzda har uyada bir tupdan (Yagana chopiq paytida bir yo’la o’tkaziladi) Nihol qoldiriladi. Yagana kechikib o’tkazilsa, tuproqdan oziq moddalar ko’p yo’qotiladi va tuproq nami kamayib, o’simliklar bir-birini siqib qo’yadi, ildizlari chalkashib o’sishi sekinlashadi, hosildorlik pasayadi, ba’zan ekinlar nobud bo’ladi.