YALMONQULOQ
YALMONQULOQ, kungaboqar sutlama — sutlamadoshlarga mansub bir yillik begona o’t. O’rta Osiyoda tarqalgan. Ildizi shoxlanadigan o’q ildiz. Poyasi tik, yakka o’sadi, bo’yi 8 — 30 santimetr. Barglari belkuraksimon, ketma-ket g’uj bo’lib joylashgan. Gullari mayda, bir jinsli, soyabonsimon to’pgulga yig’ilgan. Iyul avgustgacha gullab mevalaydi. Mevasi — ko’sakcha. Urug’idan ko’payadi. Bir tupi 600 dan ko’proq urug’ beradi. Nihollari aprel—mayda o’sib chiqadi. O’simlikning tanabarglarida oq sutlama shira bo’lib tarkibida zaharli modda (euforbin) bor. Paxta dalalari, bedapoyalar, g’alla ekinlari orasida uchraydi. Yo’l yoqalari, sug’orish shahobchalari bo’ylari, tashlandiq yerlarda, bog’larda o’sadi. Kurash choralari: urug’likni tozalash, o’toq qilish, ang’izni chuqur yumshatish.