IBN XALDUN ABDURAXMON ABU ZAYD IBN MUHAMMAD
IBN XALDUN ABDURAXMON ABU ZAYD IBN MUHAMMAD (1332, Tunis — 1406, Qohira) — Arab tarixchisi va faylasufi. Ibn Rushdning izdoshi. 1349-75 yillarda Tunis, FeS, G’arnota, Bujjoya (Jazoirda) hukmdorlari saroyida yuqori lavozimlarda ishlagan. 1382 yil Misrga kelib, mudarrislik qilgan, umrining oxirida molikiylar mazhabi qozisi bo’lgan. Ibn Xaldun Damashq shahrining Amir Temurga topshirilishi shartlari haqida muzokara olib borgan delegasiya tarkibiga kirgan edi. Shu tariqa Ibn Xaldun Amir Temur bilan shaxsan suhbatlashishga musharraf bo’lgan. Ibn Xaldunning dalolat berishicha, Amir Temur undan Mag’rib mamlakatlari, uning manzillari va shaharlarini batafsil bayon qilib berishni so’ragan. Ibn Xaldun Amir Temur tashqi siyosiy faoliyatiga salbiy nazar bilan qarashidan qat’i nazar, Sohibqiron shaxsiga munosib baho bergan. U Amir Temurning harbiy tarix sohasidagi teran bilimidan hayratga tushgan, uni “munozara-bahslarni yaxshi ko’radigan o’tkir zakovatli va teran zehnli inson”, deb ta’riflagan. Asosiy asari: “kitob ul-ibar” (“ib-ratli misollar kitobi”, 1370). Asarda Ibn Xaldun jamiyat taraqqiyoti xususida o’z fikrlarini hamda Sharq musulmon xalqlari (xususan, Mag’rib) tarixini bayon qilgan. Ibn Xaldun kishilar hayot tarzidagi tafovutlarni, asosan, geografik va boshqa moddiy omillarga bog’liq deb hisoblagan. Asarda Ibn Xaldun o’z tarixiy-ijtimoiy nazariyasini bayon qilib, axloq va ijtimoiy muassasalar kishilar turmushi bilan bog’liqligini hamda mehnat va kishilarning o’zaro munosabati jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlagan. Ibn Xaldun tarixiy-ijtimoiy taraqqiyotning moddiy tamoyillarga asoslanishi haqida fikr yuritgan.