TARIXIY GEOLOGIYA
TARIXIY GEOLOGIYA – geologiyaning yer pusti va erning geologik tarixi va rivojlanish krnuniyatlarini butunligicha o’rganuvchi sohasi. Tarixiy geologiya geologik fanlar: stratigrafiya, paleontologiya, litologiya, petrologiya, geokimyo, tektonika, geofizika va regional geologiyaning xulosalariga tayanadi. Tarixiy geologiyaning asosiy vazifalari — yer pusti shakllanishining asosiy bosqichlarini o’rganish, tog’jinslari hosil bo’lishining ketma-ketligini belgilash, tirik organizm dunyosi rivojlanish bosqichlarini o’rganish, endogen va ekzogen jarayonlar vaqtida paydo bo’ladigan qonuniyatlarni aniqlashdan iborat. Tarixiy geologiya foydali qazilmalarni hosil bo’lish sharoitlarini va ularni vaqtvaqti bilan o’zgarishlarini o’rganib, bular orqali ba’zi foydali qazilmalarni qidirish va bashoratlash uchun material tayyorlab beradi. Tarixiy geologiya Yer pusti strukturasining shakllanish tarixi (tarixiy geotektonika)ni ham o’rganadi, bunda yer po’stining harakatlari va tektonik deformasiyalari Yerda bo’ladigan o’zgarishlarning muhim omillari hisoblanadi. Tarixiy geologiya chuqur magmatizm, vulkanizm va metamorfizmning rivojlanishi yer po’stining deformatsiyasi bilan qonunan bog’langanligi masalalarida genetik Petrografiyaga yaqindan yondashadi. Tarixiy geologiyada boshqa bo’limlardan ilgari stratigrafiya bo’limi tuzilib, 19-asrning boshlarida alohida mustaqil fan bo’lib shakllangan. 19-asrning 2-yarmida Ch.Darvin, Ch. Layel tadqiqotlari natijasida geologiyasiga evolyutsion ta’limot kirib keldi. Tarixiy geologiyaning fan sohasi bo’lib shakllanishi shu davrga to’g’ri keladi. Geologik jarayonlarning asosiy rivojlanish qonuniyatlari (geosinklinal va platformalarning vujudga kelishi va o’zgarishi, materiklarning shakllanishi, Yer tarixida magmatizm xarakterining o’zgarishi va boshqalar) Tarixiy geologiyada yoritilgan, yer pusti va planetaning to’liq rivojlanishida umumiy yo’nalish belgilangan. Tarixiy geologiya rivojlanishiga J. Kyuve, U. Smit, shveytsariyalik geolog A. Gresli hamda rus olimlari A.P. Karpinskiy, V.O. Kovalevskiy, N.M. Straxov va boshqalar salmoqli hissa qo’shdilar. Bu sohada H.M. Abdullayevning ruda mintaqalari haqidagi nazariyalari ham muhim ahamiyatga ega bo’ldi.