YAHYO
YAHYO — Qur’onda zikri kelgan payg’ambarlardan biri. Bibliyada Ioann Krestitel (cho’qintiruvchi) nomi bilan ma’lum. Zakariyoning o’g’li. Yahyo yoshligidan ibodatga berilgan, Tavrotdagi hukmlarga astoydil amal qilgan, nihoyatda halim va kamtar bo’lgan. Injildagi mifologiyaga ko’ra, Yahyo Isoning yaqin o’tmishdoshi bo’lgan, Isoni cho’qintirgan. Iso Xudoning elchisi ekanini birinchi bo’lib oldindan aytgan, unga ishongan va yordam bergan. Odamlarni Allohning yagonaligiga ishonishga, yolg’iz Ungagina ibodat qilishga da’vat etgan. Yahyoning shahid bo’lishi haqida bir qancha rivoyat bor. Shulardan birida aytilishicha, u nihoyatda kelishgan, chiroyli bo’lgan. Podshohning xotinlaridan biri uni yaxshi ko’rib qolib, o’z muhabbatini izhor etadi. Lekin Yahyo ayollarga shahvoniy munosabatda bo’lmasligini aytib, Malikaga hech qachon eriga xiyonat etmaslikni nasihat qiladi. Yahyoning bu gapidan jahli chiqqan ayol o’zining siri oshkor bo’lib qolishidan qo’rqib podshohdan uni o’ldirishni talab etadi. Yahyo Mehrobda ibodat qilib turganida o’ldiriladi. Bu ishga Parvardigorning qahri kelgan, podshohning butun xonadonini yer yutgan. Damashqdagi umaviylar masjidida joylashgan Yahyo sag’anasi musulmonlar ziyoratgohi sanaladi. Yahyoning tasviri rassomlik san’ati va haykaltaroshlikda keng tarqalgan.