ITQOVUN
ITQOVUN (Melo agrestis Pang) — qovoqdoshlar oilasiga mansub bir yillik yovvoyi o’t. Palagining uzunligi 1 metrcha. Barglari uzun bandli, 3-5 bo’lakchali, tuxumsimon, bir oz o’yilgan, cheti kungurali. Gullari ayrim jinsli, sariq. Mevasi achchiq, rezavor. O’rta Osiyo, Zakavkaze, Eron, Afg’oniston va Hindistonda keng tarqalgan. O’zbekistonning hamma tumanlarida o’sadi. Mevasi achchiqligidan uni aholi Itqovun deb atagan. Tarkibida organik kislotalar, qand, oshlovchi va boshqa moddalar, urug’ida yog’bor. Ildiz qaynatmasi tabobatda istisqo, sariq kasalliklarini va og’izdagi shishlarni davolashda ishlatiladi.