YALPI MILLIY MAHSULOT

YALPI MILLIY MAHSULOT (Daromad) — (YaMM yoki YAMD) mamlakatning ma’lum muddat (odatda, oy, kvartal, yil) ichida umumiy iqtisodiy faoliyatini tavsiflovchi yakuniy makroiqtisodiy ko’rsatkichlaridan biri. YaMM davlatning bozor narxlarida ifodalangan barcha birlamchi daromadlari (ularning mamlakat hududida yoki uning tashqarisida ishlab chiqarish omillari tufayli yuzaga kelishidan qat’i nazar) jami yig’indisini ko’rsatadi. YaMM milliy hisoblar tizimi asosida hisoblanadi. Hozirgi zamon jahon iqtisodiyotida mamlakatlar o’rtasida kapital harakatchanligi darajasi g’oyat yuqori. Natijada bir mamlakat kapitalining qandaydir bir qismidan chet elda foydalaniladi. Ayni paytda esa mamlakatning ba’zi aktivlari (korxonalar, ko’chmas mulklar, qimmatli qog’ozlar) xorijiy fuqarolar va firmalar (norezidentlar) ning egaligida bo’ladi. Norezidentlar o’z mulklaridan olgan daromadlarining bir qismini vatanlariga o’tkazib turishlari natijasida yalpi ichki mahsulot miqsori bilan tegishli mamlakat ixtiyoridagi amaldagi yalpi daromad (YaMM) miqdori bir-biriga teng kelmay qoladi. Shu bois YaMM hajmini to’g’ri aniqlash uchun yalpi ichki mahsulotga mamlakatga uning chet ellardagi o’z fuqarolari mulkidan tushgan daromadlar bilan mamlakatdan chiqib ketgan chet elliklar daromadlari o’rtasidagi farqni qo’shish kerak. Chet eddagi mulklardan tushgan daromadlar saldosi ijobiy bo’lsa YaMM hajmi yalpi ichki mahsulotdan ko’p, aksincha holatda kam bo’ladi.