FARG’ONA VILOYATI

FARG’ONA VILOYATI – O’zbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1938 yil 15 yanvarda tashkil etilgan. Respublikaning sharqida, Farg’ona vodiysining Janubda joylashgan. Shimoldan Namangan, Andijon viloyatlari, Janub va sharqdan Qirg’iziston, g’arbdan Tojikiston Respublikalari bilan chegaradosh. Maydoni 6,8 ming kilometr kvadrat. Aholisi 2815 ming kishi (2004). Tarkibida 15 tuman (Bag’dod, Beshariq, Buvayda, Dang’ara, Yozyovon, Oltiariq, Oxunboboev, Rishton, So’x, Toshloq, Uchko’prik, Farg’ona, Furqat, O’zbekiston, Quva), 9 shahar (Beshariq, Marg’ilon, Rishton, Farg’ona, Yaypan, Quva, Quvasoy, Qo’qon, Hamza), 10 shaharcha (Bag’dod, Dang’ara, Do’stlik, Yozyovon, Muqimiy, Oltiariq, Toshloq, Chimyon, Sho’rsuv, Yangi Marg’ilon), 164 qishloq fuqarolari yig’ini bor (2004). Markazi — Farg’ona shahri. Farg’ona viloyati O’zbekistonning qadimgi madaniyat o’choqlaridan biri. Viloyat hududida topilgan tosh davri manzilgohlari va qoyatoshlariga solingan suratlar vodiyda odamlar eng qadimgi davrlardan beri yashab kelganliklaridan darak beradi. Farg’ona viloyatining tosh davri yodgorliklarini 1954 yil A.P. Okladnikov rahbarligidagi arxeologiya otryadi o’rgangan. Vodiyning Sharqiy qismidagi Qayroqqum, Xo’jag’or va Uchqo’rg’on makonlaridan muste davriga oid tosh qurollar topildi. Vodiyning g’arbiy qismidagi qadimgi tosh davri madaniyatiga oid manzilgohlar muste davridagi Qal’acha, Jarqo’ton va Qapchig’ay tosh qurollar ishlash ustaxonalari topilib o’rganildi. 1958 yil birinchi marta Markaziy Farg’onadan mezolit davriga oid mikrolit tosh qurollari topildi. Shuningdek, Markaziy Farg’onadagi Uzunko’l va Tayloqko’l atroflaridan mezolit va neolit davrlariga oid 24 ta manzilgoh borligi aniqlandi (1965). So’x vohasidagi 28 g’or va ungurlar (Selungur, Eshma, Obishir, sur, bel, zim, Ovikambar, Bog’ishim va boshqalar) ro’yxatga olindi. Obishir g’orlaridagi madaniy qatlam yaxshi saqlangan. G’orlarni qazish jarayonida mezolit davriga oid tosh qurollar, hayvon suyaklari topilgan. Bular o’sha davr turmushini o’rganish imkonini beradi. 1967 va 1969-70 yillarda Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyi xodimlari mezolit va neolit davrlariga oid 35 ta manzilgoh topdilar. Farg’ona viloyatining arxeologik yodgorliklarini o’rganishda katta Farg’ona kanalining qazilishi muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Kanalni qazish jarayonida jez davri, quldorlik va zamindorlik jamiyatlariga oid yodgorliklar topildi va tekshirildi. Quva va Toshloq tumanlari o’rtasidagi Akbarobod qishlog’ida jez davriga oid manzilgoh, Marg’ilonsoyning chap sohilida Oqtom qabristoni bo’lganligi aniqlandi. Farg’ona viloyatining Quva tumanida quldorlik davriga oid Taxyontepa, Farg’ona shahrida Simtepa (Chimtepa) kabi yodgorliklar topib o’rganilgan. Ayniqsa, Quva shahridagi miloddan avvalgi 5-asr va o’rta asr boshlariga oid topilmalar yaxshi tekshirilgan. 10-11-asrlarga doir tarixiy manbalarda bu shahar obodligi va kattaligi jihatidan vodiyda Axsikatdan so’ng eng yirik shahar deb qayd qilingan. Arxeologik materiallar Marg’ilon shahri 10-asrda katta qishloq bo’lib, 11 — 12-asrlarda shaharga aylanganligini, Rishton esa 10-asrda katta shahar bo’lsa ham, 11 -12- asrlarga kelib qishloq qiyofasiga kirib qolganligini isbotlaydi. O’troq dehqonchilik, chorvachilik bilan shug’ullangan Chust madaniyatiga oid manzilgohlardan topilgan yodgorliklar Farg’ona vodiysini o’rganishda muhimdir. U yerda ishlab chiqarish kuchlari va xo’jalikning taraqqiyoti jez davrining oxirida dehqonchilik qabilalarining ijtimoiy tuzumida o’zgarish yuz berishiga, natijada ibtidoiy tartiblar tugab jamiyatdagi tabaqalanishga olib kelgan. Ro’zg’or anjomlarida xususiy mulkchilik kurtaklari ko’zga tashlanadi. Arxeologik tekshirishlar natijasi Farg’ona viloyatida qadimdan odamlar yashab, ovchilik, dehqonchilik, chorvachilik bilan shug’ullanganligidan, kishilik jamiyatining keyingi bosqichlarida esa madaniyat rivojlana boshlaganligidan dalolat beradi. Tabiati. Farg’ona viloyatining shim. qismini Qoraqalpoq va Yozyovon dashtlari egallagan, Janubdan olay tizmasidan okib tushadigan daryolarning yoyilmalari bilan o’ralgan. Janubda adirlar olay tizmasining tog’oldilari bilan almashinib turadi. Farg’ona viloyati yuqori seysmik zona hisoblanadi. Iqlimi kontinental. Qishi birmuncha yumshoq, ba’zan havo juda sovib ketadi. Yanvar oyining o’rtacha temperaturasi — 3,2°, iyulniki 28°. Eng past temperatura -27,9°. Eng yuqori temperatura 42°. Vodiyning g’arbida esadigan kuchli “Qo’qon shamoli” iqlimga salbiy ta’sir etadi. Shamolning tezligi sekundiga ba’zan 35-40 metrga yetadi. Janubi sharqida yozda garmsel esadi. Yiliga g’arbida 100 millimetrdan (Qo’qon atrofi) Sharqiy qismida 170 millimetrgacha, tog’yon bag’irlarida 270 millimetrgacha yog’in tushadi, asosan, bahorda yog’adi. Vegetatsiya davri 210-240 kun. Viloyatning shimoli g’arbiy chegarasi bo’ylab Sirdaryo oqadi. Olay tizmasidan Isfara, So’x, Shohimardon, Isfayramsoy boshlanadi. Daryolar muzlikqor suvlaridan to’yinadi. Iyul— avgustda to’lib oqadi. Daryo suvlari sug’orishga sarflanadi. Asosan, bo’z tuproq va o’tloqi botqoq tuproklar keng tarqalgan. Adirlarda aksari och va tipik bo’z tuproqlar, Sirdaryo terrasalarida allyuvialo’tloqi tuproqlar, viloyatning shimol qismida sho’rxok o’tloqlar va ajriqli o’tloqlar mavjud. Markaziy Farg’onadagi sho’rxoklarda turli xil sho’ra o’sadi. Yerlarining kattagina qismi ekinzor. Vohalarda terak, tut, qayrag’och, daryo vodiylarida keng bargli o’rmonlar va archazorlar bor. Yovvoyi hayvonlardan Sirdaryo to’qayzorlarida qobon, adir va olay tizmasi tog’oldilarida bo’ri, tulki, chiyabo’ri, quyon, bo’rsiq, jayra yashaydi. Ondatra, nutriya iklimlashtirilgan. Qushlar, sudraluvchilar ko’p. Suv havzalarida marinka, usach, zog’ora baliq, karp, oq Amur, do’ngpeshona baliqlar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar shuningdek, tojik, rus, qirg’iz, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 413,9 kishi. Shahar aholisi 800 ming kishi, qishloq aholisi 2015 ming kishi (2004). Xo’jaligi. Farg’ona viloyati respublikaning sanoati rivojlangan viloyatlaridan. Viloyatda 86 ta yirik sanoat korxonasi mavjud. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: yoqilg’ienergetika, kimyo, mashinasozlik, qurilish materiallari, paxtani tozalash va qayta ishlash, yengil va oziq-ovqat sanoati va boshqalar. Energetika bazasi, asosan, issiklik elektr stansiyalardan iborat bo’lib, eng yiriklari: Farg’ona, Qo’qon issiqlik elektr markazlari, Quvasoy issiqlik elektr stansiyasi. Barcha stansiyalar O’rta Osiyoning yagona energetika tizimiga birlashtirilgan. Kimyo sanoatining eng yirik korxonalari Farg’ona va Qo’qon shaharlarida joylashgan. “Azot” ishlab chiqarish birlashmasi, kimyoviy tolalar, furan birikmalari kimyo zavodlari, Qo’qon superfosfat zavodi va boshqalar shular jumlasidandir. Viloyatda Farg’ona neftni qayta ishlash zavodi joylashgan. Qurilish materiallari sanoati rivojlangan. Quvasoydagi tsement zavodi respublikada ishlab chiqariladigan tsementning to’rtdan bir qismidan ko’prog’ini beradi. Quvasoyda shifer, gisht va boshqa qurilish materiallari, shisha va chinni idishlar zavodlari ishlab turibdi. Qo’qondagi “Elektromash”, “Tekstilmash” va boshqa metallsozlik zavodlarida sanoatning boshqa tarmoqlari uchun asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi. Oziq-ovqat sanoati yil sayin rivojlanmoqda. Bu tarmoq korxonalarida turli nav yog’lar, un, non, makaron, konserva va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. Viloyatda 84 qo’shma korxona, 22 mingdan ortiq kichik korxona faoliyat ko’rsatadi. Farg’ona shahrida “Nodira”, “PSMK3”, “Polina”; Marg’ilonda “Marg’ilon tongi” va Qo’qonda “Zilola” kichik korxonalar, “O’zsalaman”, “KabulFarg’ona”, “Besteks”, “Ishonch” qo’shma korxonalari ishlab turibdi. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmoqlari — paxtachilik, g’allachilik, pillachilik, bog’dorchilik va chorvachilik. Viloyatdagi barcha ekin maydoni 288,9 ming gektar, shu jumladan, 129,6 ming gektar yerga don, 115,9 ming gektar yerga paxta, shuningdek, texnika ekinlari, 11,7 ming gektar yerga sabzavot va poliz ekinlari, 24,1 ming gektar yerga ozuqa ekinlari ekiladi. 20,3 ming gektar yaylovlar (2004). Haydaladigan yerlarda, asosan, obikor dehqonchilik bilan shug’ullaniladi. Paxta, bug’doy, sholi, makkajo’xori, arpa, kartoshka, sabzavot va poliz maxsulotlari etishtiriladi. Bog’larda ko’proq o’rik o’stiriladi. Anor, anjir, olma, xurmo ko’p. Tokzorlarda yuqori navli uzumdan mo’l hosil olinadi. Sug’oriladigan yerlar viloyat hududidan o’tuvchi katta Farg’ona va Andijon kanallari, Janubiy Farg’ona kanali, Shohimardonsoy, Marg’ilonsoy, So’x, Isfayramsoy, shuningdek, Karkidon, Ko’rg’ontepa suv omborlari yordamida sug’oriladi. Viloyatda 8 mingdan ortiq fermer xo’jaligi, 143 shirkat xo’jaligi, 74 xo’jaliklararo korxonalar, 6 parrandachilik fabrikasi mavjud. Chorvachilikda qoramol, qo’y va echki, parranda boqiladi. Viloyat jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 511,9 ming qoramol (shu jumladan, 213,2 ming sigir), 431 ming qo’y va echki, 1260,9 ming parranda bor (2004). Transporti. Temir yo’l uzunligi 227,8 kilometr. Avtomobil yo’llarining uzunligi 8,6 ming kilometr, shu jumladan, qattiq qoplamali yo’llar 8,5 ming kilometr. Asosiy yo’nalishlari: Toshkent — Qo’qon — Andijon, Marg’ilon — Qo’qon — Navoiy, Qo’qon — Marg’ilon — Quva. Farg’ona shahrida yirik aeroport ishlab turibdi. Farg’ona viloyatida K. Mamajonov, M. Madaliyeva, U. Umarov, Yu. Jo’rayevlar “O’zbekiston Qaqramoni” unvoniga ega bo’ldilar. Madaniy-maorif, sog’liqni saqlash va sport. Viloyatda 4 oliy o’quv yurti bo’lib, 18,9 mingdan ortiq talaba, 910 umumiy ta’lim maktabi (690 mingga yaqin o’quvchi), 8 gimnaziya (7,3 ming o’quvchi), 47 lisey (16,3 ming o’quvchi), musiqa va sport maktablari ishlab turibdi. Xalq ta’limi sohasida chet el investorlari bilan aloqa bog’lanib “Mersi ko” jamgarmasi, Osiyo taraqqiyot banki, Yaponiya grantlar dasturi asosida kompyuter va boshqa jihozlar olindi. Viloyat sportchi o’quvchilari 2003-04 yillardagi “Umid nihollari” sport musobaqalarida 2 va 3 o’rinlarni egalladilar. Farg’ona viloyatida 77 kasbhunar kolleji, 3 akademik litsey faoliyat ko’rsatadi. Viloyatda 4 teatr, madaniyat uylari, 3 muzey, 193 klub muassasasi, 609 ommaviy kutubxona (603,6 ming nusxa asar) aholiga xizmat ko’rsatadi. Farg’ona viloyatidan usta Olim Komilov, Yusufjon qiziq Shakarjonov, M. Qoriyokubov, L. Sarimsoqova, M. Miroqilov, M. Qo’ldoshev, O. Hasanov, A. Yusupov, Tamaraxonim, B. Mirzaev, S. Qosimov, A. Fayziev, N. Rahimov, G. Rahimova, M. Yunusov, E. Petrosova, M. Turgunboeva, Ya. Mamatxonov, S. Yudakov, S. Karimova, T. Qodirov, H. Umarov, M. Ishoqova, S. Qobulova, X. Komilova, H. Ibrohimova, R. Mazohidova, h. Nosirova, J. Oxunov, R. Nizomova, R. Sodiqov, S. Mannopov, M. To’xtasinov, Yu. Usmonova, M. Yusupov, Yo. Xotamova kabi O’zbekiston xalq artistlari; Mamatbuva xofiz, E. Karimov, B. Rajabov, J. Sultonov, M. Uzoqov, K,. Yusupov, R. Mamadaliev, K. Hamroqulov, O. Saidxo’jaev kabi O’zbekiston Respublikasi xalq hofizlari; Q. Tojiev, O. Madaliev, A. Karimov, J. Po’latov, M. Ermatov kabi O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar va boshqalar yetishib chiqdilar. V. Useinov, N. Kasin, E. Quvondiqov, S. Alibekov kabi taniqli rassomlar shu viloyatda yashab ijod qildilar. Viloyatda 1998 yilda Farg’oniyning 1200 yillik, 2000 yilda Burhoniddin Marginoniyning 910 yillik yubileylari o’tkazildi. Sog’liqni saqlash. 97 kasalxonada 6,3 ming vrach va 31,9 ming o’rta tibbiy xodim ishlaydi. 413 ambulatoriya poliklinikasi, 214 qishloq vrachlik punkti, 61 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 28 ta dispanser bor. Dam olish uylari va “Chimyon”, “O’zbekiston”, “Qiziltepa”, “Nurafshon”, “temir Yo’lchi” sanatoriylari, tez tibbiy yordam viloyat bo’limi bor. Sport. Farg’ona viloyatida “Universiada2004” sport musobaqalari o’tkazildi. 2004 yildan boshlab viloyatda sportning suv polosi va sinxron suzish turlari yo’lga qo’yildi, sektsiyalar tashkil etildi. Mavjud sport federasiyalaridan tashqari qo’l to’pi, Turon milliy yakka kurashi, sinxron suzish, armrestling kabi sport turlari bo’yicha sport federasiyalari tuzildi. Farg’ona viloyatida jami 5135 sport inshooti mavjud. Shuningdek, Farg’ona Olimpiya zaxiralari sport kollejida dastlabki sport inshootlari ishga tushirildi. “Yoshlar madaniyat va sport majmuasi”, “Farg’ona” Markaziy stadioni, “Istiqlol” tennis majmuasi, ot sporti maktabi, “Kimyogar” sport majmuasi faoliyat ko’rsatadi. Sportning yunonrim, qo’l jangi, taekvondo, karate, shaxmat, shashka, boks, belbog’li kurash, milliy kurash, Turon milliy yakkakurashi, engil atletika, mini futbol, voleybol turlari rivojlangan. Viloyat sportchilari 2004 yilda xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etib 7 oltin va 4 kumush medallarga sazovor bo’lishdi. Ayniqsa, Koreya Respublikasida o’tkazilgan boks bo’yicha yoshlar o’rtasidagi Jahon chempionati, Qozog’istonda armrestling, Yaponiyada baydarka va kanoe, Filippinda boks bo’yicha o’tkazilgan Osiyo chempionatlarida viloyat sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Engil atletika bo’yicha o’tkazilgan respublika sport musobaqalarida viloyat vakillari E. Tunguskova va Z. Abdullayevalar qatnashib respublika terma jamoasi tarkibiga kiritildi. Og’ir atletika bo’yicha respublika chempionatida E. Sisoyeva o’z vazni bo’yicha golib bo’ldi. Shuningdek, E. Sisoyeva va B. Toshpo’latovalar 2004 yilda AQShda talabalar o’rtasida og’ir atletika bo’yicha o’tkaziladigan chempionatga nomzod etib kiritildi. Nogironlar o’rtasida stol tennisi bo’yicha o’tkazilgan O’zbekiston chempionatida A. Ismatullayev g’olib bo’lib, Jahon chempionatida ishtirok etish uchun Respublika terma jamoasi tarkibiga kiritildi. 2004 yilning avgust oyida Afinada o’tkazilgan 28-yozgi Olimpiya o’yinlarida Farg’ona viloyatining 5 sportchisi ishtirok etdi. 2004 yilda viloyatda basketbol bo’yicha xalqaro “Mersiko” turniri, milliy va belbog’kurashi bo’yicha Hazrat Ali hamda Temirjon va Hamid polvonlar xotirasiga bag’ishlangan xalqaro turnirlarda respublika viloyatlari, 10 dan ortiq xorijiy davlat polvonlari qatnashdi. Yil davomida o’tkazilgan sport musobaqalarda ishtirok etib viloyat sportchilari 250 dan ortiq medallarni qo’lga kiritishdi. 15 sportchi sport ustasi normasini bajardi. Adabiyoti. Farg’ona zamini ko’plab iste’dodlar beshigi bo’lgan. Qo’qon tarixiga oid ba’zi manbalarda 10-asrda Farg’onada yozma adabiyot namunalari bo’lganligi qayd etilgan. Abu Tayyi Ho’qandiy (10-11-asrlar) ijodi haqidagi ma’lumotlar buning yaqqol dalilidir. Biroq, o’rta asr Farg’ona viloyati adabiyoti haqidagi manbalar juda kam. 18-asrdan boshlab Farg’ona vodiysi, xususan, Qo’qonda fan, adabiyot va san’at rivoj topganligini ko’rish mumkin. Qo’qon xonligi tashkil topishi markazlashgan davlat sifatida faoliyat yuritishi xonlik hududida o’ziga xos adabiy muhitning shakllanishiga imkoniyat yaratdi. Bu davrda Huvaydo, Sho’xiy, Akmal, Nizomiy Ho’qandiy kabi adabiyot namoyandalari ijod qildilar. Huvaydoning “Devon”i tarkibiga kirgan she’rlar va “rohati dil” dostoni xalq orasida mashhur bo’lgan. 19-asrda ushbu hududda “Qo’qon adabiy muhiti” nomi bilan ma’lum bo’lgan adabiyot ravnaq topdi. Ushbu muhitning tashkilotchisi Qo’qon xoni Muhammad Said Amir Umarxon (1787— 1822) saroyiga 100 ga yaqin ijodkorni jalb etib, ularning ijod qilishi uchun moddiy va ma’naviy sharoit yaratib berdi. Xonning o’zi ham Amiriy taxallusi bilan she’rlar “Devoni”ni yozdi. Umarxon davrida Ado, Fazliy, Xoziq, Hijlat, Vazir, Maxmur, Nodir, G’oziy, Ma’dan, Miriy, Nodira, Uvaysiy, Mahzuna, Gulxaniy, Mushrif, Dabir, Ravnaq, Umidiy, Jadid, Mahzun, Zokir, Fayziy, vahmiy kabi ijodkorlar Shuhrat qozonganlar. Keyinroq, Umarxonning o’g’li Qo’qon xoni Muhammad Alixon (Madalixon) ham “Xon” taxallusi bilan she’rlar yozgan, “Layli va Majnun” dostonini yaratgan. Ushbu davr adabiyotining namunasi sifatida Abdulkarim Fazliyning Umarxon topshirig’i bilan 84 zamondosh shoirlar haqida o’zbek va fors tillarida she’riy yo’sinda yozilgan “Majmuai shoironi Umarxon” tazkirasi; Gulxaniyning “Zarbulmasal” asari, Xoziqning “Yusuf va Zulayho”, Nodir Uzlatning “Haft gulshan” dostonlarini aytish mumkin. Ayol ijodkorlarning mavqei baland bo’lganligini ta’kidlash lozim. Qo’qon malikasi, Umarxonning zavjasi Mohlaroyimning Nodira, Maknuna taxalluslari bilan ijod etgan o’zbek va fors tillaridagi she’rlari alohida “Devon”ga jam bo’lsa, Jahonotin Uvaysiyning 4 devoni, “Voqeoti Muhammad Alixon”, “Shahzoda Hasan” va “Shahzoda Husayn” dostonlari, Mahzunaning go’zal she’rlari adabiyotimiz xazinasidan munosib o’rin olgan. Farg’ona viloyati adabiyotining bu davrdagi yana bir xususiyati ko’p sonli tarixiy-adabiy asarlarning yaratilganligidir. So’nggi tadqiqotlardan ma’lum bo’lishicha, shu davrda birgina Qo’qon xonligi tarixiga oid 40 ga yaqin she’r va nasriy asarlar yaratilgan. She’riy uslubda yaratilgan bunday asarlar sirasiga Fazliyning “Shahnomai Umarxon”, Mutribning “Shahnomai Devona Mutrib”, Andalibning “Shahnomai devona Andalib”, Uvaysiyning “Voqeoti Muhammad Alixon” dostonlari; Imomali Qori Qunduziy — Komiyning taniqli kishilar tavalludi, vafoti va Qo’qon tarixiga oid turli voqea — sanalarning she’riy ta’rixlari jamlangan “Tavorixi manzuma” kabi asarlari kiradi. Tarixga oid nasriy asarlar qatorida esa Hakimxon to’raning “Muntaxab uttavorix”, Mulla Avaz Muhammad Attorning “Tuhfat uttavorixi Xoniy”, Mushrifning “Shahnomai nusrat Paem”, Mulla Niyozmuhammad Ho’qandiyning “Tarixi Shohruhiy”, Mirzo olim Mushrifning “Ansobus salotin va Tavorixi xavoqin”, Muhammad Amin Domulloning “Tuhfat uttavorix”, Abdug’afur Ho’qandiyning “Zafarnomai Xudoyorxon”, Maqmud Hakim Yayfoniyning “Xullas uttavorix”, Muhammad Aziz Marg’iloniyning “tarixi Aziziy” va boshqa asarlarni keltirish mumkin. Tasavvufiy adabiyot namunalaridan Azim Xo’ja eshon Azimiyning “Muroduloshiqin” devoni, Abdulaziz Majzubning “Devon”i va “Tazkiraulavliyo” asari (19-asrning 1-yarmi), Salohiddin Soqibning “ma’lumoti Soqibiy” risolasi (19-asrning 2-yarmi) e’tiborga loyiq. 19-asrda Qo’qon shahri va uning atrofida 100 dan ziyod shoir va adiblar devon tuzishgan. Umarxon, Muhammad Alixon va Nodirabegim davrlarida Qo’qonda xushxat xattotlarni yig’ib, moddiy jihatdan ta’minlab, Sharq adabiyotining ko’plab Nodir asarlari ko’chirtirilib, ko’paytirilgan. Shulardan eng ko’p ko’chirilganlari Jomiy, Navoiy, Bedil, Fuzuliy va Amiriy asarlaridir. Ma’lumotlarga ko’ra, Amir Umarxon Lutfiy, Navoiy va Amiriy devonlari jamlangan, go’zal xatli, oltin bezakli “Muhabbatnoma” majmuasini Usmonli turk sultoniga hadya tariqasida jo’natgan. Farg’ona viloyati adabiyotida Sharq mumtoz she’riyatining deyarli barcha janrlarida samarali ijod qilindi. Badiiyat va g’oya, mavzular rang-barangligi bu davr adabiyotiga xos xususiyatlardan biri ekanligi asarlardan ma’lumdir. Bu jihat 19-asrning 2 yarmi — 20-asr boshlari adabiyotida ham yaqqol ko’rinadi. Ushbu davrda Pisandiy, Qoriy, Muqimiy, Muhayyir, Furqat, Zavqiy, G’urbat, Rojiy, Muhsiniy, Haziniy, Mahjur, Muqyi, Zoriy, Sirojiy, Jaloliy, Yoriy, Ibrohim Davron, Mirzoi Ho’qandiy, Nasimiy Xo’qandiy, Hamza Hakimzoda Niyoziy va boshqalar samarali ijod qildilar. Bu davr adabiyotining yorqin namoyandalaridan Muqimiy ijodidagi xalqona lirika bilan hajviy yo’nalish o’ziga xos maktabni yaratgan bo’lsa, Furqat ijodidagi serohang misralar va ma’rifatparvarlik ruhidagi she’rlar, Haziniy ijodidagi sufiyona istilohlarga boy, purhikmat she’rlar, Qoriy lirikasidagi jozibadorlik, Hamza ijodidagi ijtimoiy ruh bu davr adabiyotining ravnaqidan dalolat beradi. Ayol ijodkorlardan Dilshod Barno, Anbar Otin, Samarbonu kabi shoiralarning ijodi qam samarali bo’ldi. Milliy uyg’onish davri adabiyoti — jadidchilik yo’nalishida ijod qilgan va ma’rifatchilik harakatida faol ishtirok etgan ijodkorlar sirasiga Ibrohim Davron, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Mirzo Xayrullo Ho’qandiy, Ashurali Zohiriy, Po’latjon Qayyumiy kabilarni kiritish mumkin. I. Davronning “ash’ori nisvon” she’rlar majmuasi, Hamzaning “Milliy qo’shiqlar uchun milliy she’rlar” to’plami, M.X. Ho’qandiyning “axloqi zamima”, “yigirma hikmat” asarlari va boshqalar o’sha davr adabiyotining mahsullaridir. P. Kayyumiyning 20-asrning 2-yarmida yaratgan “Tazkirai Qayyumiy”, “Qo’qon tarixi va adabiyoti” va “Tazkirai shuaro” asarlari ham e’tiborga loyiq. 20-asr hozirgi zamon o’zbek adabiyotining ko’plab vakillari ham Farg’ona viloyati adabiyotining qaldirg’ochlaridir. Abdulla Qahhor, Sobir Abdulla, Charxiy, Xusayn Shams, Amin Umariy, Shokir Sulaymon, Adham Rahmat, Ibrohim Rahim, Xudoyberdi To’xtaboev, Anvar Obidjon kabi shoir va yozuvchilar shu zamin farzandlaridir. 20-asrning 70-90-yillarida Yo’ldosh Sulaymon, Oxunjon Hakimov, Anvar Yusupov, A. Muqimov, Habibullo Said G’ani, Komil Jo’ra, O’rmon Omonov, Alisher Ibodinov, Bahodir Iso, Ismoil Mahmud, Nurullohoji Qo’qondiy, Enaxon Siddiqova, Saydali Odilov, Zuhra Alieva, Matluba dehqon qizi, Ilmer Nazarov, Abdulhamid Muxammadiev, Nosir Zohid va boshqalar o’z ijodlari bilan elga tanildilar. Mustaqillik yillarida Nabijon Boqiy, Nurulloh Muhammad Raufxon, Sayd Anvar, Farida Afro’z, Iqbol Mirzo, Abdurahmon Jo’ra, Mirza Karim, Gulbahor, Otabek Rustambek o’g’li, Muxtasar Tojimamatova, Ozoda To’raqulova kabi ijodkorlar yetishib chiqdilar. Farg’ona viloyatida O’zbekiston Respublikasi ijodiy uyushmalari (yozuvchilar, rassomlar, jurnalistlar, me’morlar va boshqalar)ning viloyat bo’limlari faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Matbuoti, radioeshittirishi va televideniyesi. Viloyatda 7 ta jurnal, 73 ta gazeta, shu jumladan, 2 viloyat gazetasi (“Farg’ona haqiqati”, “Ferganskaya Pravda”), 21 shahar va tuman, 27 ta tarmoq hamda 23 ta xususiy gazetalar chop etiladi. Farg’ona viloyatida radioeshittirishlar 1932 yilda efirga uzatila boshladi. Viloyat radiosi orqali o’zbek, tojik va rus tillarida kuniga 1 soatdan eshittirishlar beriladi. Viloyat televideniesi o’z ko’rsatuvlarini 1991 yil 22 dekabrdan namoyish eta boshladi. O’sha paytlarda haftasiga 1 soat ko’rsatuvlar berilgan. Farg’ona viloyati televideniesi haftalik ko’rsatuvlari 18 soatni tashkil etadi. Ko’rsatuvlar o’zbek, tojik va rus tillarida olib boriladi. Undan tashqari “Marg’ilon”, “So’x”, “Muloqot”, “Nihol” tuman va shahar telestudiyalari faoliyat ko’rsatadi. Me’moriy yodgorliklari. Farg’ona viloyatida asosiy hisoblangan Qo’qon me’morligining shakllanishi 18-asrdan boshlanadi. Bu yerga dastlab Buxorodan bir guruh binokorlar taklif etildi, ular madrasa, masjid, maqbara, karvonsaroy, ko’prik va boshqa binolarni bunyod etdilar. Hozirgacha shaharda saqlangan me’moriy yodgorliklardan eng qadimgisi Madrasai Mir nomi bilan xalq orasida mashhur bo’lgan Norbo’tabiy madrasasidir (18-asr oxiri). Bu Madrasa Qo’qon hukmdori Norbo’tabiy hukmronligi davriga oid. Undan tashqari, Daxmai Shohon, Daxmai Modarixon me’moriy majmualari (19-asrning 20-yillari), Miyon Hazrat (1860 yil), Kamol qozi (1837 yil) madrasalari, O’rda (1871 yil, Qo’qon xoni Xudoyorxon tomonidan qurilgan), jome masjidi (19-asr oxiri — 20-a.sr boshlari) kabi me’moriy yodgorliklar saqlangan. Ad.: Nalivkin V. P ., Kratkaya istoriya Kokandskogo xanstva, Kazan, 1886; Akromov Z. M., Farg’ona vodiysi, T., 1957. Toir Abduraimov, Otabek Jo’raboyev.