KANZAS

KANZAS — AQShdagi Daryo, Missuri daryosining o’ng irmog’i. Qoyali tog’larning tog’oldi platolaridan boshlanuvchi Smoki-Xill va Repablikan daryolari qo’shilishidan yuzaga keladi. Uzunligi 278 kilometr (Repablikan daryosi bilan birga 1200 kilometr chamasida), havzasining maydoni 158,8 ming kilometr kvadrat. Yuqori va Markaziy tekisliklardan oqadi. O’rtacha suv sarfi 225 metr kub/sekund. Bahor oylarida toshadi. Sug’orishda foydalaniladi. Kanzas buyida Topika, Kanzas-Siti (quyilish joyida) shaharlari joylashgan.