YAMAL NENESLARI MUXTOR OKRUGI

YAMAL NENESLARI MUXTOR OKRUGI — Rossiya Federatsiyasi Tyumen viloyati tarkibidagi Muxtor okrug. 1930 yil 10 dekabrda tashkil etilgan. Maydoni 750,3 ming kilometr kvadrat. Aholisi 507,4 ming kishi (2002), asosan, ruslar va neneslar, shuningdek, ukrain, tatar, Xanti, komi, selkup, Belorus, boshqird va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Shahar aholisi 83,4%. Tarkibida 7 ma’muriy tuman, 7 shahar, 8 shaharcha bor. Markazi — Salexard shahri boshqa yirik shaharlari — Noyabrsk, Noviy Urengoy, Nadim. Yamal Neneslari muxtor okrugi G’arbiy Sibir pasttekisligining shim. qismida joylashgan. Yamal, Taz va gidan yarim orollari va Beliy, Oleniy, Shokalskiy orollaridan iborat. Okrugning yer yuzasi pasttekislik (o’rtacha balandligi 50-100 metr), faqat g’arbida tog’lar (qutbiy Uralning Sharqiy yon bag’ri, eng baland joyi — 1499 metr, payer tog’i) bor. Okrugning ko’proq qismi qutbiy doiradan ichkarida joylashgan. Iqlimi keskin kontinental, qattiq sovuq. Qish 9 oy davom etadi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -22°, -26°, iyulniki 4°-14°. Yiliga 200— 400 millimetr yog’in tushadi. Vegetasiya davri 50-100 kun. Yirik daryolari: ob (quyi oqimi), Nadim, pur, Taz, Poluy. Ko’l ko’p (yiriklari: Yarato, Nitto, Yambuto). Tundra, gleyli, botqoq, gleylipodzol va podzol tuproqlar xos. Hududining 3/4 qismi tundra va o’rmonli tundra o’simliklari bilan qoplangan. Tundrada yovvoyi hayvonlardan: shim. bug’usi, oq quyon, bo’ri, kolonok, Olmaxon va boshqalar; qushlardan oq va tundra kakliklari, karqur bor. Daryo va ko’llari baliqqa boy. Okrug hududida yuqori Taz qo’riqxonasi joylashgan. Xo’jaligining asosiy tarmoqlari — gaz va neft qazib olish, baliq ovlash; o’rmon va yog’ochsozlik, qurilish sanoat- lari rivojlangan. Bug’uchilik, darrandachilik va mo’ynali hayvonlarni ovlash bilan shug’ullaniladi. Salexard baliqni qayta ishlash kombinati, “Noyabrskneftegaz”, “Purneftegaz”, “Urengoygazprom”, “Yamburggazdobtcha” va boshqalar korxonalar ishlab turibdi. Dengiz hayvonlarini ovlash bazasi, yog’ochsozlik kti, taxta ortish tushirish bazasi bor. Yamal Neneslari muxtor okrugi bug’uchilik bo’yicha Chukotkadan keyin 2-o’rinda turadi. Okrug oq tulki, tiyin, ondatra mo’ynalarini; dyrrandachilik fermalari esa qora tulki, ko’k tulki, norka mo’ynalarini etishtirib beradi. Qoramol boqiladi. Kartoshka, karam etishtiriladi. Asosiy transport turi — suv transporti. Ob daryosi va uning irmoqlari Taz, pur va Ob qo’ltiqchasida muntazam kema qatnaydi. Labitnangi posyolkasidan Ural orqali Seyda stansiyasigacha temir yo’l liniyasi (umumiy uzunligi 495 kilometr) o’tgan. Qattiq qoplamali yo’llar uzunligi 851 kilometr. Uzoq tumanlarida bug’uchilik transporti rivojlangan.