FUQAROLIK HUQUQI

FUQAROLIK HUQUQI – huquq sohasi; yuridik jihatdan teng bo’lgan sub’yektlar o’rtasidagi mulkiy va shaxsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga soluvchi va mustahkamlovchi huquq normalari yig’indisidan iborat. Fuqarolik huquqi o’zining predmeti hisoblangan mulkiy va shaxsiy munosabatlarni tartibga solishda ishtirokchilarining tengligini e’tirof etishga, mulkning daxlsizligiga, shartnomaning erkinligiga, xususiy ishlarga biron-bir kishining o’zboshimchalik bilan aralashishiga yo’l qo’yilmasligiga, fuqarolik huquqlari to’sqinliksiz amalga oshirilishini, buzilgan huquqlar tiklanishini, ularning sud orqali himoya qilinishini ta’minlash zarurligiga asoslanadi. Fuqarolik huquqida mulkiy munosabatlar asosiy o’rinni egallaydi. Mulkiy munosabatlar jumlasiga mulkni egallash, undan foydalanish va uni tasarruf etish, majburiyatlarni bajarish bilan bog’liq munosabatlar va shu kabilar kiradi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda Fuqarolik huquqi boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlarni ham tartibga soladi. Shaxsiy nomulkiy munosabatlar va mulkiy munosabatlar bilan bog’liq bo’lmagan shaxsiy munosabatlar jumlasiga sha’n, qadr-qimmat, ishchanlik obro’si, intellektual mulk ob’yektlari bilan aloqador munosabatlar kiradi. Fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat Fuqarolik huquqining sub’yektlari hisoblanadi. Fuqarolik huquqining ob’yektlariga ashyolar, shu jumladan, pul va qimmatli qog’ozlar, boshqa buyumlar, mol-mulk, shu jumladan, mulkiy huquqlar, ishlar va xizmatlar, ixtirolar, sanoat namunalari, fan, adabiyot, san’at asarlari va intellektual faoliyatning boshka natijalari, shuningdek, shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa moddiy hamda nomoddiy boyliklar kiradi. O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik huquqining asosiy manbaini O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va Fuqarolik Kodeksi tashkil etadi.