FUQAROLIK
FUQAROLIK — shaxsning muayyan davlat bilan doimiy siyosiy-huquqiy aloqasi; bu aloqa shaxs va davlatning o’zaro huquq va majburiyatlarida ifodalanadi. Shaxs Fuqarolikka ega bo’lgach, davlat uning hamma huquq va erkinliklarini e’tirof etadi, ularning amalga oshishini ta’minlash choralarini ko’radi. Fuqarolarning manfaatlarini davlat, fuqarolar boshqa mamlakatlar hududida turgan vaqtda ham himoya qiladi, ularga homiylik ko’rsatadi. O’z navbatida, fuqarolar davlat qonunlari va qoidalarga so’zsiz rioya kiladilar, o’zlari uchun belgilangan majburiyatlarni bajaradilar. Bu huquq va majburiyatlar yig’indisi fuqaroning siyosiyhuquqiy maqomini tashkil etadi, fuqarolar ana shu maqom bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslardsh ajralib turadilar. Fuqarolik asosan 2 yo’l bilan qabul qilinadi; tug’ilganlik dalili asosida (“filiatsiya”) va naturalizatsiya yo’li bilan tug’ilish asosida Fuqarolikka qabul qilishda 2 xil qoida: “qon huquqi” va “tuproq huquqi” qoidasi qo’llaniladi. “Qon huquqi” deb nomlangan qoida shu davlatning fuqarolaridan tug’ilgan shaxsni fuqaro deb tan oladi (ayrim davlatlarda otaonasining biri tegishli Fuqarolikka egaligi yetarli). Qaysi davlat hududida bu shaxsning tug’ilganligi ahamiyatga ega emas. “Tuproq huquqi” qoidasi, fuqaroligidan qat’i nazar, agarda shaxs mazkur davlat hududida tug’ilgan bo’lsa, unda o’sha shaxs fuqaro deb tan olinadi. Naturalizatsiya yo’li bilan Fuqarolikni qabul qilish mamlakatda yashab kelayotgan shaxsning Fuqarolikni olish to’g’risidagi iltimosi bilan bog’liqdir. O’zbekistonda Fuqarolikning huquqiy holati O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 6-bobida hamda “O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi to’g’risida”gi qonun (1992 yil 2 iyul)da ko’rsatib o’tilgan. O’zbekiston Respublikasining butun hududida yagona Fuqarolik o’rnatilgan. O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi, unga qanday asoslarda ega bo’lganlikdan qat’i nazar, hamma uchun tengdir. Qoraqalpog’iston Respublikasining fuqarosi ayni vaktda O’zbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi. Fuqarolikka ega bo’lish va uni yo’qotish asoslari hamda tartibi qonun bilan belgilanadi.