FUTBOL

FUTBOL (inglizcha foot — oyoq, ball — to’p) — sport o’yini, 2 darvoza (7,32×2,44 metr) li maxsus maydon (90-120 x 45— 90) da to’p bilan jamoa bo’lib o’ynaladi. Futbol to’pining og’irligi 410-450 gramm, aylana diametrining uzunligi 68-70 santimetr, o’yinning asosiy vaqti 90 minut (45 minutdan 2 bo’lim, 12-15 minut tanaffus). Maydonda ikkala jamoada 11 kishidan bo’ladi. O’yindan maqsad raqib darvozasiga to’pni oyoq yoki gavda qismlari bilan (qo’ldan tashqari) kiritishdan iborat. Faqat darvozabonlargina qo’l bilan o’ynashi mumkin (jarima maydonchasida). Futbolga o’xshash o’yinlar miloddan avvalgi Misr va Sharq mamlakatlarida ma’lum bo’lgan, keyin Yevropaga o’tgan. 1848 yilda Buyuk Britaniyadagi Kembrij universiteti o’qituvchilari Futbolning dastlabki zamonaviy qoidalarini ishlab chiqishgan. 1857 yilda shu mamlakatdagi Sheffild shahrida ilk Futbol klubi tashkil etilgan. 1863 yilda Angliya Futbol uyushmasi tuzilib, Futbol qoidalari tasdiqlangan. 18-asrning oxiri — 19-asrning boshlarida Yevropa va Janubiy Amerika davlatlarida ham Futbol uyushmalari tashkil qilindi. 1896 yil Futbol Olimpiada o’yinlari dasturiga kiritildi. 1904 yilda xalqaro futbol federatsiyasi —FIFA tuzildi. Futbol Braziliya, Germaniya, Italiya, Argentina, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda keng rivojlangan. Pele, Maradona, F. Bekkenbauer, L. Yashin, Z. Zidan, R. Ronaldo va boshqa Futbolchilar bu o’yinning jahonda ommaviylashishiga hissa qo’shishdi. O’zbekistonda 20-asr boshlaridan zamonaviy Futbol qoidalari asosida o’yinlar o’tkazilgan. 1912 yilda Qo’qonda birinchi Futbol jamoasi tuzildi. Keyinroq Farg’ona, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan shaharlarida ham Futbol jamoalari paydo bo’ldi. 20-asrning 20-yillaridan mamlakatimizda turli toifadagi musobaqalar (1937 yildan O’zbekiston birinchiligi) muntazam ravishda o’tkazila boshlandi. 1956 yilda Toshkentda “Paxtakor” jamoasining tashkil etilishi va shu nomdagi stadion qurilishi respublikada Futbolning rivojlanishiga turtki bo’ldi. 20-asrning 80-yillaridan O’zbekistonda Futbolchilarning yangi avlodini tarbiyalashga kirishildi. M. Qosimov, I. Shkvirin, A. Abduraimov, M. Shaskix O’zbekistondagina emas, Osiyo va boshqalar qit’alarda ham nom qozondilar. 1959 yilda tashkil etilgan O’zbekiston futbol federatsiyasi 1992 yilda (keyin 2001 yilda) qayta ro’yxatdan o’tdi. 1992 yildan Futbol bo’yicha O’zbekiston milliy chempionati va kubogi, turli toifadagi musobaqalar o’tkazib kelinyapti, Futbol jamoalarining xalqaro uchrashuvlarda ishtirok etishi ta’minlanayapti. Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish tadbirlari to’g’risida” (1993 yil 18 mart) hamda “O’zbekistonda futbolni rivojlantirishning tashkiliy asoslari va printsiplarini tubdan takomillashtirish choratadbirlari to’g’risida” (1996 yil 17 yanvar)gi qarorlari Futboldagi yutuqlarga zamin yaratdi. Farg’onaning “Neftchi” klubi MDH kubogining finaliga chiqdi (1994), “Paxtakor” klubi Osiyo Chempionlar ligasi yarim finalida o’ynadi (2003, 2004), mamlakat yoshlar terma jamoasi jahon chempionati final bosqichida qatnashdi (2003), O’zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo o’yinlari (1994) va Afrikaosiyo o’yinlari (2003) g’olibi bo’ldi. Hozirgi kunda O’zbekistonda 36 ta (oliy va birinchi ligada) professional klub bor (2004). 2-ligada 196 ta jamoa shunday maqomga erishish uchun mamlakat birinchiligida qatnashyapti. Futbol klublari qoshida 18 ta Futbol internat maktablari, kollejlari faoliyat ko’rsatyapti, ularda 2000 dan ziyod o’quvchi shug’ullanadi. Shuningdek, Futbolga ixtisoslashgan bolalar-o’smirlar sport maktablari ishi yaxshilandi. Futbol Universiada, “Barkamol avlod” va “Umid nihollari” musobaqalari dasturlaridan o’rin olgan. Bolalaro’smirlar o’rtasida respublikada o’tkaziladigan “Futbol g’unchasi” musobaqalarida 692 jamoada 13840, “Futbolimiz kelajagi” musobaqalarida 15035 jamoada 300700 o’yinchi ishtirok etdi (2004). Ayollar o’rtasida o’tkazilayotgan O’zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida Andijonning “Andijanka”, Namanganning “Gulbahor”, Qarshining “Sevinch” jamoalari etakchilik qilib keladi. Faxriy Futbolchilar o’rtasida ham muntazam ravishda musobaqalar uyushtiriladi. Jismoniy qobiliyati cheklangan Futbolchilar o’rtasida Toshkentning “matonat” jamoasi (hozirgi “Baynalmilal”) jahon kubogini qo’lga kiritgan (1991). Hozirgi kunda respublikada 362 ta stadion, 7113 ta Futbol maydoni mavjud, 460658 kishi (ulardan 4642 nafari ayollar) Futbol bilan shug’ullanadi, 1916 nafar murabbiy faoliyat ko’rsatadi (2004). “O’zbekiston futboli” (Toshkent), “Futbolekspress” (Andijon), “Asr futboli” (Namangan), “Inter futbol” (Kosonsoy), “boks plyus futbol” (Toshkent) kabi ixtisoslashgan gaz.lar chiqib turibdi. S. Arutyunov, E. Valiskiy, A. Keller, M. Akbarov, R. Akramov, Yu. Sarkisyan, M. Rahimov kabi murabbiylarning o’zbek Futboli ravnaqida xizmati katta. I. Toshmuhamedov, A. Imomxo’jaev, B. Belozyorov, N. Rizametov, B. Haydarov singari tajribali hakamlar ishini davom ettirayotgan R. Ermatov va I. Kusillo rasmiy nufuzli xalqaro musobaqalarni boshqarishdi. Futbolning turlaridan biri minifutbol (futzal) dir. Maydonining o’lchami 28-40 x 16-20 metr, darvozasining o’lchami 3×2 metr, to’pining og’irligi 400-600 gramm, aylana diametrining uzunligi 60-62 santimetr, o’yinning sof vaqti 40 minut (20 minutdan 2 bo’lim), jamoalar musobakalarda 12 tadan Futbolchini ro’yxatga kiritishadi, maydonga chiqqan ikkala jamoada ham 5 tadan Futbolchi (bittadan darvozabon) qatnashadi. Mini Futbol bo’yicha jahon chempionati 1989 yildan, Osiyo chempionati 1998 yildan boshlab o’tkaziladi. O’zbekiston miniFutbol chempionati 1997 yildan boshlangan. Murabbiy R. Abdiev boshchiligidagi O’zbekiston miniFutbol jamoasi Osiyo chempionatida 2o’rinni egallagan (2001, Tehron). Ushbu jamoada A. Nurmatov, A. Korolyov, F. Qudratov singari Futbolchilar mahoratlarini ko’rsatishgan. O’zbekistonda 4244 ta miniFutbolga mos maydon bor, 3235 kishi Futbolning shu turi bilan shug’ullanadi (2004). Ad.: Planeta futbola, M., 2002; Safarov V. A., Match dlinoyu v 40 let, T., 1996; Imomxo’jaev A., Futbol — quvonchim, dardim, faxrim, T., 1996; pravila igri v futbol, T., 2002.