KO’CHMA TSIRK

KO’CHMA TSIRK — doimiy turar joyi bo’lmagan va o’z tomoshalarini ko’chib yurib namoyish etadigan tsirk jamoasi. Ko’chma tsirk tomoshalari uchun mo’ljallangan bino (vaqtincha yig’ma materialdan qurilgan) “shapito” deb yuritiladi. Tsirk tomoshalarining alohida turi sifatida 19-asrning 1-yarmida avval Amerikada, keyinchalik Yevropada keng tarqalgan. Turkiston o’lkasida Ko’chma tsirk tomoshalari ilk bor 19-asrning oxiri 20-asrning boshlarida ko’rsatilgan. Ularda o’zbek san’atkorlari bilan bir qatorda Yevropa va Rossiya tsirki ustalari, shuningdek, Sharq mamlakatlari, jumladan, Xitoy, Hindiston, Yaponiyadan kelgan artistlar ishtirok etishgan. 20-asrda Ko’chma tsirk tomoshalari O’zbekistonning turli shahar va olis qishloqlarida uyushtirilib, rang-barang tsirk janrlaridan namunalar namoyish etilgan. Hozirgi kunda Ko’chma tsirk tomoshalari Erkin Toshkanboev rahbarligidigi “sahnadagi tsirk” ko’chma korxonalari direktsiyasi tomonidan faol amalga oshirilmoqda. Po’lat Toshkanboyev.