KO’NKA

KO’NKA, konka (ruscha kon — ot) — Toshkentda 20-asr boshida paydo bo’lgan shahar transporti turi; vagonni otlar tor iz bo’ylab harakatlantirgani tufayli shu nomni olgan (loyiha muallifi E. Deni, 1882 yil). Ko’nka qurilish ishlari 1896 yil Belgiyaning “Toshkent tramvayi” anonim jamiyati tomonidan boshlangan. 1901 yil Ko’nkaning 1-yo’li ishga tushirilgan; u temir yo’l vokzalini eski shahar bozori bilan bog’lagan. Keyinchalik yo’llar soni ortgan. 1913 yilga kelib, Ko’nka yo’llarining umumiy uzunligi 9,5 kilometr, vagonlar soni 30 ta, otlar soni 230 taga yetgan. Shaharda tramvay qatnay boshlagach (1913), Ko’nkaga hojat qolmagan.