FARIDIDDIN ATTOR

FARIDIDDIN ATTOR (taxallusi; asl ism sharifi Muhammad Abu Bakr ibn Ibrohim; taxminan 1148/51 — Nishopur — 1219/21) — mutasavvif shoir. Asarlarida tasavvufni targ’ib qilgan. Mansur Halloj, Boyazid Bistomiy ta’limotidagi g’oyalarni davom ettirgan. Farididdin Attor falsafasining asosini tavhid (Allohning yagonaligini tan olish) ilmi tashkil etadi. Unga ko’ra, tavhid faqat Allohning yagonaligini tan olish emas, balki u bilan qo’shilishga intilish, ya’ni insonning mutlaq Ruh tomon intilishini anglatadigan jarayondir. Farididdin Attorning “Bulbulnoma”, “mantiq uttayr”, “Ushturnoma” asarlari ramziyallegorik timsollar asosida yozilgan. “Javhar uzzot”, “Xayloj”, “Asrornoma”, “Sharh ulqalb”, “Musibatnoma” kabi dostonlari bevosita muhokama-mushohada, fikriyshuuriy bayonlar tarzida bitilgan. Bundan tashqari, “Xusravnoma”ga o’xshab majoziy ishqni kuylagan romantic-sarguzasht asari ham bor. Farididdin Attorning 2 qismdan iborat “Javhar uzzot” asarida butun ruhiy va moddiy olamlar yagonaligi ta’riflangan. Iloh har bir zarrada mavjud, ammo uni oddiy ko’z bilan ko’rish mumkin emas. Alloh o’z borlig’ida ham pinhonu ham paydo, barcha ashyolar yolg’iz javhardan kelib chiqqan. “Asrornoma”da bu fikr yanada aniqroq ifodalangan. Farididdin Attor asarlarida xalq og’zaki ijodidan unumli foydalangan. “Mantiq uttayr” (1175, bu asar “Maqomoti tuyur” deb ham nomlangan) asari mashhur. Alisher Navoiy bolalik chog’ida bu dostonni yod olib, uning ta’sirida “Lison uttayr” (“qush tili”) dostonini yozgan. Ushbu asar tasavvufning eng yirik adabiy yodgorligi hisoblanadi. Bundan tashqari, Farididdin Attor “Pandnoma”, “Besarnoma”, “Devon”, “Vuslatnoma,” “Tazkirat ulavliyo” kabi asarlar muallifi. Farididdin Attorning “Ilohiynoma” asari ham masnaviy yo’lida bitilgan ishqiy-ma’rifiy, falsafiy-axloqiy dostondir. Masnaviyda 282 ta rivoyat, hikoyat va qissalar bayon etilgan. Farididdin Attor Haq va haqiqat tushunchalarini hamma vaqt inson mohiyatiga bog’lab tushuntirgan. Zero, tavhid mohiyati ham, haqiqat ham oxir oqibat inson mohiyati va haqiqati bilan izohlangan. Farididdin Attorning 96 bobdan iborat “Tazkirat ulavliyo” asari nasrda bitilgan yagona va mashhur asar bo’lib, unda tasavvuf shayxlari, avliyoulloxlarning hayoti, kashfu karomatlari bayon etilgan. Asarning O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida 10 dan ziyod qo’lyozma nusxalari, Bombay va Lohurda 1877, 1887, 1895, 1900, 1903 yillarda nashr qilingan bosma nusxalari hamda Xojashoh ibn Sayyid Axmad Xorazmiy o’zbek tiliga tarjima qilgan 4 qo’lyozma nusxasi mavjud. Ushbu asarning Mirzo Kenjabek tomonidan o’zbekchaga qilingan tarjimasi “O’zbekiston milliy entsiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotida chop etilgan (1997). Ac: Ilohiynoma, T., 1994. Habib Abdunazar.