ISHKOSHIM TIZMASI

ISHKOSHIM TIZMASI – Pomir tog’li o’lkasining Janubi-g’arbidagi (Tojikiston Respublikasi) Shoxdara tizmasining g’arbiy davomi. Shimolda Xorug’ shahri yaqinidan Janubda Panj Daryosining o’ng sohili bo’ylab (meridianal yo’nalishda) davom etadi. Uzunligi 100 kilometr chamasida. Eng baland joyi 6096 metr (Mayakovskiy cho’qqisi). Hozirgi zamon muzliklari bor. Uchlamchi davr Alp burmalanishida ko’tarilgan. Asosan, gneys, amfibolit va boshqa metamorfik jinslardan tuzilgan. Yon bag’irlarida dasht va cho’l o’simliklari o’sadi, chuqur vodiylarda ondasonda archa uchraydi. Qaynoq mineral buloklar bor. Garmchashma bulog’i atrofi balneologik kurort.