Dinamit qay tariqa olingan edi?
Bashariyat tarixidagi burilish nuqtalarini yuzaga keltirgan voqea-hodisalar ozmuncha emas, lekin, shak-shubhasiz, ulardan eng esda qoladiganlaridan biri portlovchi moddalarning yaratilishidir. O’q-dorini miloddan ancha oldin xitoyliklar ixtiro etgan, degan fikr an’anaviy tus olgan. Yevropaliklar XIV asrdan e’tiboran undan foydalana boshlashgan? Biroq aynan shundan keyingina ular butun dunyoga o’z ta’sirini ko’rsata boshladi. Eski usulda tayyorlangan o’q-dori — kaliy tuzi (selitra), pista ko’mir va oltingugurt aralashmasidan iborat edi. Bu, XIX asrning deyarli oxirlariga qadar eng keng tarqalgan portlovchi modda edi. 1845 yilda olmon kimyogari Shenbayn paxta tolasini to’yingan azot va oltingugurt kislotasi aralashmasi bilan qayta ishladi. Natijada oppoq tolasimon, paxtaga o’xshash va hozirgi kunda nitrosellyuloza yoki piroksilin deb ataluvchi mahsulot olindi. U o’q-doriga nisbatan ko’proq portlovchan modda edi. Deyarli aynan o’sha kezlarda italiyalik Antonio Sobrero glitserin bilan tajriba qilib ko’rdi. U glitserinni to’yingan azot va oltingugurt kislotasi qorishmasi ustiga ehtiyotkorlik bilan tomizg’iladi. Natijada biroz miqdorda nitroglitserin olinib, u hatto piroksilindan yanada o’tkirroq portlovchi moddaga aylandi. Oradan 20 yil o’tib, shved kimyogari Alfred Nobel o’tkazgan tajribalar oqibatida kutilmaganda dinamit yaratildi. U nitroglitserin ustida tajriba olib boradi, chunki bu moddani ishlab chiqarish jarayonida yoki uni transportga yuklashayotganlarida o’z-o’zidan portlab ketar edi. Garchi Nobel nitroglitserinni hosil qilishning birmuncha xavf-xatarsiz usulini topgan bo’lsa-da, u bilan ishlash baribir kutilmagan natijalarga olib kela boshladi. Bir kuni Nobel nitroglitserinning bir necha bidonini diatomit (vulqondagi yumshoq tabiiy jinslar) solingan qutidan olar ekan, bidonlardan birida yoriq paydo bo’lganini ko’rib qoladi. Undan oqib tushgan nitroglitserin diatomit bilan aralashib qattiq sotishmani hosil qildi. U larzaga keltirish kuchi ancha past bo’lgan portlovchi moddaga aylangan edi. Odatdagi bir hodisa, shu tariqa, dinamitning kashf etilishiga olib keldi.