FARG’ONA VODIYSI

FARG’ONA VODIYSI, Farg’ona soyligi — O’rta Osiyodagi tog’lar orasida joylashgan vodiy, O’rta Osiyoning yirik tog’ oraligi (soylik) botiklaridan biri. Shimolda Tyanshan va Janubda Hisor Olay tog’ tizmalari bilan o’ralgan. Asosan, O’zbekiston, qisman Qirg’iziston va Tojikiston Respublikalari hududida. Keng qismi Turkiston va olay tizmalarining shimoliy yon bag’irlariga borib taqaladigan uchburchak shaklida bo’lib, shimoli g’arbdan Qurama va Chatqol tizmalari, shim.sharqdan Farg’ona tizmasi bilan o’ralgan. G’arbda tor yo’lak (eni 8-10 kilometr) “Xo’jand darvozasi” orqali Toshkent—Mirzacho’l botig’i bilan tutashgan. Uzunligi 300 kilometr, eni 60-120 kilometr, eng keng joyi 170 kilometr, maydoni 22 ming kilometr kvadrat. Balandligi, g’arbida 330 metr, sharqda 1000 metr. Uning umumiy tuzilishi ellips (bodom) simon ko’rinishda. G’arbdan sharqqa kengayib boradi. Farg’ona vodiysi yer yuzasi to’rtlamchi davrning allyuvial va prolyuvialallyuvial cho’kindilari bilan to’lgan. Soylik toshko’mir davrida egilma shaklida bo’lgan, o’rta toshko’mir davrida qalin qumtosh — loyli cho’kindilar bilan qoplangan. Bo’r davrida sayoz dengiz bo’lgan. Paleogen davrining oxiriga kelib batamom quruklikka aylangan. Soylik atrofidagi tog tizmalari Alp burmalanishida keskin ko’tarila boshlagan, lekin, denudatsiya jarayonida qaytadan yemirilgan. Vodiy tubidagi dengiz yotqiziqlari ustini continental yotqiziqlar qoplagan (qalinligi 300— 400 metr). Farg’ona vodiysida turli geologik davrlarda neft, kumir, tabiiy gaz, gips, temir, mis rudalari, simob, ohaktosh, rux, oltingugurt, mum, tuz, polimetall rudalar, surma, mineral suv kabi foydali kazilmalar hosil bulgan. Farg’ona vodiysi yer yuzasi tuzilishini bir necha pog’ona (zona)ga bo’lish mumkin. Relefining birinchi pog’onasi soylikning Markaziy qismini va Sirdaryoning hozirgi o’zanigacha bo’lgan 300-400 metr balandlikdagi yerlarni egallagan. Bu hududda 200 kilometr masofadagi nishablik Sharq, Janubi Sharq va Janubdan g’arbga tomon 80 metrga teng. Dengiz yotqiziqlari ustida akkumulyativ jinslar, keyingi davrlarning ko’l yotqiziqlari, shamol olib kelgan jinslar keng tarqalgan. Bu pog’onada sho’rxoklar, ko’llarning o’rni, qumli tepaliklar uchraydi. Soylikning ikkinchi pog’onasi Daryo va soylarning keng yoyilmalarini egallagan toshshag’alli maydonlardan iborat (400-600 metr). To’rtlamchi davr allyuvial yotqiziqlari keng tarqalgan bo’lib, ular soylik atrofini halqa kabi o’rab olgan. Relefning uchinchi pog’onasini balandligi 600-1200 metr bo’lgan adirlar zonasi tashkil qiladi. Farg’ona vodiysi yuzasi janubdan o’rab turgan Konibodom, Sho’rsuv, Rishton, Chimyon, avval, Muyan adirlari toshshag’allardan iborat yotqiziqlardan, Navkat va Sharqiy adirlari lyoss va lyosslashgan gil jinslardan tuzilgan; kattakatta qoyasimon jarliklar, qulamalar bu yer relefi uchun xosdir. Shim. Farg’onadagi Namangan, Chust, Pop adirlarining Janubiy yon bag’irlari Sirdaryo vodiysi tomon zinapoyasimon pasaygan. Adirlar ortidagi tekisliklar allyuvial jinslar bilan qoplangan. Vodiyni o’rab turgan tog’lar ana shu akkumulyativ tekisliklardan boshlanadi. Farg’ona vodiysining iqlimi kontinental iqlim. Yilning o’rtacha trasi g’arbdan sharqqa pasayib boradi. Soylik iqlimining shakllanishida g’arbiy shamollarning roli katta. G’arbiy shamollar bahor faslida teztez esib, ba’zan nam, ba’zan quruq havo keltiradi. Yanvarda o’rtacha temperatura Qo’qonda -2,3°, Kampirravotda -4,8°. Eng past temperatura Qo’qonda -27,9°, Kampirravotda -32°. Yozda (iyulda) o’rtacha temperatura Farg’ona, Andijonda 27°, Namanganda 26,3°, Qo’qonda 27,5°. Eng yuqori temperatura shu hududlarda 40-44° gacha ko’tariladi. Vegetasiya davri 270 kun. Yog’in miqdori g’arbida 80-100 millimetr, sharqida 150-200 millimetr, Janubi g’arbida 74 millimetr, va shimolda 200— 300 millimetr. Yog’inning ko’p qismi bahor oylarida yog’adi, yozda yog’in deyarli yog’maydi. Kuchli shamollar (“Qo’qon” va “Bekobod” shamollari) bo’lib turadi. Farg’ona vodiysida oqar suv ko’p. Tog’lardan Daryo va soylar oqib tushadi (Norin, Qoradaryo, So’x, Isfara, Shohimardonsoy, Oqbura, G’ovasoy, Chodaksoy). Daryolar, asosan, qor, yomg’ir suvlaridan to’yinadi. Farg’ona vodiysi yer osti suvlariga ham boy. Soylik atrofidagi tosh shag’alli yoyilmalarda er osti suvining sathi oktabr—noyabr oylarida ko’tariladi, may — iyunda pasayadi; suv yuzasining yillik tebranishi 1-3 metr. Tekislik qismida yer osti suvi 2 metr chuqurlikda, ba’zan, yer yuzasiga chiqib qoladi. Grunt suvidan tashqari 400 metr chuqurlikda uchta suvli qatlam joylashgan. Bu qatlamlardagi suvlar artezian quduqlar orqali olinadi. Farg’ona vodiysida katta Farg’ona, Jan. Farg’ona, katta Andijon kanallari, Sirdaryoda Qayroqqum suv ombori qurilgan. 100 dan ortiq ko’l bor. Bulardan yiriklari: Sarichelak, Qurbonko’l, Qorasuvko’l va boshqalar Farg’ona vodiysining tuprog’i turlicha. Sirdaryo sohili qayir usti terrasalarida (ko’hna qayir) va 400 metr balandlikkacha o’tloqi, o’tloqibotqoq, turli darajada sho’rlangan sho’rxok tuproqlar tarqalgan. 400 metrdan 800 metrgacha bo’lgan balandlikdagi tekisliklar, soy, yoyilmalarda bo’z va surqo’ng’ir tuproqlar, 800-1200 metr balandlikda och bo’z tuproq, to’q va tipik bo’z tuproqlar tarqalgan. Ularning tarkibida 4% gacha chirindi bor. Soylikning sernam va botqoqlashgan past joylarida tol, yovvoyi jiyda, turang’il, qamish, qiyoq, kumliklarda cherkez, Qandim, quyonsuyak, saksovul, jiyda, adirlarda izen, shuvoq, efemer va efemeroidlardan qorabosh, qo’ng’irbosh, boychechak, chuchmomalar, vodiylarda kichikkichik to’qayzorlar uchraydi; Farg’ona va Chatqol tog’tizmalari yon bag’irlarida yong’oq, olma, olcha o’rmonlari tarqalgan. Yovvoyi hayvonlardan qoplon, bo’ri, tulki, quyon; qushlardan qirg’ovul, o’rdak, so’fito’rg’ay, loyxo’rak, tustovuq; yumronqoziq, sichqon kabi kemiruvchilar, turli zaharli ilonlar uchraydi. Suv omborlari, sun’iy ko’l va daryolarda baliq turi ko’p. Keyingi vaqtlarda sugoriladigan yerlardagi kollektorzovurlarda ondatra ko’paytirilmoqda. Farg’ona vodiysi yirik paxtachilik, ipakchilik, uzumchilik rayoni. Vohada paxta, ba’zi joylarda sholi ekiladi, bog’lar, uzumzorlar, polizlar bor. Farg’ona vodiysi markazidagi qo’riq cho’l yerlar o’zlashtirilmoqda. Cho’l yerlar yil davomida, adirlar bahorda yaylov xizmatini o’taydi. Farg’ona vodiysi O’rta Osiyoda aholi eng zich joylashgan rnlardan, bu yerda Xo’jand, Qo’qon, Farg’ona, Andijon, Namangan, O’sh, Jalolobod shaharlari joylashgan. Farg’ona vodiysi O’zbekistondagi turizm markazlaridan. Ad.: Akramov Z., Jemchujina Sredney Azii, M., 1960; Ferganskaya Dolina, t. 1, T., 1954. Murod Mamatqulov.