FUOD KO’PRULU
FUOD KO’PRULU (Fuat Koprulu), Mehmet Fuod Ko’pruluzoda (1890.4.12, Istanbul — 1966.28.6) — turk adabiyotshunos olimi, tarixchi va davlat arbobi. Istanbul universiteti professor (1913). Turkiya tashqi ishlar vaziri (1950; 1956). Heydelberg (1927), Sorbonna (1937), Afina (1938) va boshqa ko’plab universitetlarning faxriy doktori. Istanbul huquq maktabini tutatgan. “Shayx g’olibga” (1908) she’ri bilan tanilgan, 28 yoshidan boshlab Istanbul universitetining adabiyot fakultetida (1913-43), shuningdek, Turkiyaning boshqa oliy o’quv yurtlarida turk adabiyoti tarixi, madaniyat tarixi, ilohiyot tarixi va boshqa fanlardan dars bergan. Turkiy xalqlar adabiyoti va madaniyati tarixi bo’yicha fundamental tadqiqotlar yaratgan. Turkiyada zamonaviy adabiyotshunoslik faniga asos solgan. “Burungi adabiyot” (1924), “Milliy adabiyot tarixining ilk mubashshirlari va Devoni turkiyi basit”, “Turk adabiyoti tarixi” (1928), “Baxshi, turk tili va adabiyoti haqida tadqiqotlar” (1934), “yangi Usmonli adabiyot tarixi” (1935), “Alisher Navoiy” (1941) kabi 20 dan ziyod monografiyalar e’lon qilgan, “Turk xalq shoirlari” (1939; 1940; 1962) antologiyasini tuzgan. Fuod Ko’prulu O’rta Osiyo xalklari adabiyoti, tili va madaniyati tarixiga, ayniqsa Yassaviy, Boqirg’oniy, Navoiy, Bobur va boshqa shoirlar ijodiga, folklor asarlariga bag’ishlangan 500 dan ziyod maqolalar muallifi. Fuod Ko’pruluning tasavvuf adabiyoti namoyandalariga bag’ishlangan “Turk adabiyotida ilk mutasavviflar” (1919) asari 8 marta nashr etilgan. Fuod Ko’prulu Yassaviy izdoshlaridan Sulton Ahmad Haziniy (16-asr) haqida ilk marotaba ma’lumot bergan. V. Bartoldning “Islom madaniyati tarixi” kitobini turk tilida nashrga tayyorlagan. Ayrim maqolalari o’zbek tilida chop etilgan. Ad.: Fitrat, tanlangan asarlar, 2j., T., 2000; Gordlevskiy V. A., Izbrannie Sochineniya, t. 2, M., 1961. Nodirxon Hasan.