G’ildirakni kim ixtiro etgan?
G’ildirak — insoniyatning eng salmoqli yutuqlaridan biridir. G’ildirak bo’lmagan davrlarda odamlar og’ir yuklarini chanaga solib yo o’zlari sudrab tashigan yoki ularga ho’kizlarni qo’shishgan. Ma’lumki, birinchi g’ildiraklar Mesopotamiya (hozirgi Iroq) da miloddan oldingi 3500— 3000 yillarda tayyorlangan. Ular ikki xil edi: kulollik xalqasi va aravalar uchun g’ildiraklar. Kulollik xalqasi hozirgi shkivlarning, suv charxpalagi, soat mexanizmi boshqa mashina dvigatellaridagi shesteryankalarning bobokalonidir. Ilk aravalar gildirakka o’rnatilgan va ularga o’q bilan birkitilgan chanalarni eslatar edi. Bunday aravani yaratish fikrini hayot, amaliyotning o’zi uyg’otgan, ya’ni bungacha odamlar chanalarni g’o’lalar ustiga joylashtirib, ularni dumalatishgan. Chanalar oldinga siljigan, ularning ostidagi go’lalar esa navbati bilan uning yo’liga qo’yib borilgan. Qadimgi g’ildiraklar o’z o’qiga mahkam birkitilgan, ya’ni g’ildiraklar va o’q bir butunligini tashkil etgan. Bunday g’ildirakli aravalar buriladigan paytlarda tashqi g’ildiraklar g’ildiraklarga nisbatan uzoqroq yo’l bosgan. Shu sababli g’ildiraklar albatta toygan yoki joyida botib qolavergan. Keyingi ixtirolar jarayonida o’qlar aravaga birkitilib, g’ildiraklar, erkin aylanadigan bo’ldi, natijada aravalar harakati tezlashdi va burish-qayrilishlar yengillashdi. Dehqonlarning aravalari, ikki g’ildirakli jang aravalari, podshohlarning tosh-taxtli aravasi va xudolarning ilohiy aravalari aravaning ilk namunalari edi. Qadimgi yuk va jang aravalari ikki va to’rt g’ildirakli bo’lgan. Lekin birinchi chorg’altak aravalar ancha noqulay va qo’pol ko’rinishli edi. Ularning oldingi va keyingi o’qlari aravaning ko’kragiga birkitilgan bo’lib, uning keskin burilishlariga xalaqit berardi. Bundan 2000 yil avval aravaning oldingi o’qini alohida boshqariladigan qilishgach, ular bemalol o’ngga va chapga burila oladigan bo’lishdi. Miloddan oldingi ikkinchi ming yillikda Janubiy-G’arbiy Osiyoda Kegayli (spisali) g’ildiraklarni ixtiro qilishdi.