Muzyorar qanday ishlaydi?
Vanna qabul qila turib, quyidagi holatni bir tajriba qilib ko’ring. Vannadan chiqishdan oldin suv oqib ketadigan tuynukni oching, lekin suvdan chiqmay yotib turing. Vannada suv kamayib, tanangiz suvdan tashqarida qola boshlagani sayin uning og’irlasha boshlaganini his etasiz. Xuddi shu tariqa suvda tanangiz yo’qotgan vazn (eslang, suvda siz o’zingizni qanday yengil his etgan edingiz!), siz suvdan tashqarida qolganingizdan keyin yana qaytadan tiklanganiga o’zingiz yaqqol ishonasiz. Mabodo, xuddi shu tajribani kit (nahang baliq) o’zida takrorlaydigan bo’lsa, ya’ni qirg’oqdan suv qaytib, quruqlikda qoladigan bo’lsa, bu holat nahang uchun halokatli tugaydi: uni o’zining bahaybat og’irligi bosib qoladi. Nahang baliqlar bejizga suvli muhitda yashamaydi: Suyuqlikning yuqoriga ko’taruvchi kuchi ularni o’z og’irligi bosib, halok bo’lishdan asraydi. Yuqorida aytilganlar bevosita muzyorar kemalarga ham taalluqlidir: kemaning suvdan chiqib qolgan qismi suvning qalqitib, yuqoriga ko’taruvchi kuchiga mutanosibligini yo’qotadi va “quruqlikdagi” og’irlikka aylanadi. Muzyorar o’zining burun qismi og’irligi bilan butun yo’l davomida muzni yorib boradi, deb o’ylamaslik kerak. Muzyorarlar emas, balki muzkesarlargina shu yo’sinda ishlaydi. Bu usul ham muz uncha qalin bo’lmagan joylardagina o’zini oqlaydi. Agar muz ancha qalin-qattiq bo’lsa, u suzayotgan kemaning zarbali urilish kuchi bilangina yengib o’tiladi, xolos. Muzyorar orqaga chekinib, keyin o’zining butun og’irligi bilan muz qatlami ustiga tashlanadi. Bunday paytlarda kemaning faqat, og’ir vazni hal qiluvchi omilga aylanmaydi. Kema bamisoli tezligi uncha katta bo’lmagan, lekin g’oyatda ogir vaznli to’p snaryadi (o’qi)ga aylanib, to’g’ridan zarba beradi. Bir necha metr qalinlikdagi muz uyumlari muzyorarning mustahkam burun qismining ketma-ket zarbalari ta’sirida yoriladi. Rossiya dunyodagi eng yirik va eng qudratli muzyorar kemalarga ega.