FEDERATSIYA
FEDERATSIYA (so’nggi lotincha foederatio — birlashma, uyushma) — 1) davlat tuzilishi shakli; yuridik jihatdan muayyan siyosiy mustaqilligi bo’lgan davlat tuzilmalaridan tashkil topgan murakkab (uyushma) davlat. Federativ davlatni tashkil etuvchi davlat tuzilmalari (Shtatlar, o’lka, kontonlar) Federatsiya sub’yektlari hisoblanadi va o’z ma’muriy-hududiy bo’linishlari bo’ladi. Federatsiyada yagona Konstitutsiya, yagona ittifoq (federal) davlat hokimiyati organlari bo’ladi, yagona fuqarolik, pul birligi va shu kabilar amal qiladi. Unitar davlatdan farqli ravishda Federatsiya hokimiyat oliy organlarining 2 tizimiga — federal organlar va Federatsiya a’zolarining tegishli organlariga ega bo’ladi. Federal organlar mamlakatning hamma qududida o’z vakolat va vazifalarini amalga oshiradi. Federatsiyani tashkil etuvchi davlat tuzilmalari tom ma’noda davlat hisoblanmaydi. Ular suverenitetga, ittifoqdan bir tomonlama chiqish huquqiga ega bo’lmaydi, yuridik jihatdan xalqaro munosabatlarda qatnashish xuquqidan mahrum. Ittifoq Konstitutsiya yoki qonunlari buzilgan taqdirda Markaziy hokimiyat Federatsiya sub’yektiga nisbatan majburlash choralarini ko’rish huquqiga ega. Federatsiyaning eng zarur belgilaridan biri — federal parlamentning 2 palatali tuzilmasidir. Odatda, Federatsiya a’zolarining o’z mustaqil Konstitutsiyasi bo’ladi. Milliy (til) omilning ahamiyatiga qarab Federatsiya tuzilishini belgilashda hududiy asosdagi Federatsiya (AQSh, Avstraliya, Avstriya, GFR, Argentina, Venesuela, Braziliya, Meksika), milliy asosdagi Federatsiya (Hindiston, Belgiya, Nigeriya, Pokiston) va aralash milliy-hududiy asosdagi Federatsiya (Rossiya Federasiyasi, Shveytsariya, Kanada) farklanadi. Konstitutsiyaviy huquq nazariyasida, shuningdek, ba’zan konstitutsiyaviy Federatsiya (AQSh, Kanada, Braziliya), konstitusiyaviy-shartnomaviy Federatsiya (Rossiya Federatsiyasi) va shartnomaviy Federatsiya (Shveytsariya, Birlashgan Tanzaniya Respublikasi, BAA), markazlashgan (mas, Hindiston, bu yerda bitta shtatdan boshqa shtatlar o’z Konstitutsiyasi va fuqaroligiga ega emas) va markazlashmagan Federatsiya (AQSH, GFR, Shveytsariya) o’rtasidagi farq ko’rsatib o’tiladi. Jahonda 21 ta Federativ davlat bor (2005); 2) xalqaro yoki milliy jamoat tashkiloti (masalan, xalqaro shaxmat Federatsiyasi).