FILLOMEDUZALAR

FILLOMEDUZALAR (Phyllomedusa) — baqaqurilloqlar oilasi urug’i. 30 turi ma’lum. Asosan, Markaziy va Janubiy Amerikada tarqalgan. Tanasi 6 santimetrga yaqin, odatda, usti yashil, qorni qizil, binafsha va boshqalar yorqin tusda. Oyoqlaridagi birinchi (bosh) barmog’i boshqalariga qarshi joylashganligi uchun narsalarni barmoklari bilan qamrab ushlay oladi. Quruqlikda qadamlab yuguradi, suvda yomon suzadi. Barmoqlari orasidagi suzgich parda kam rivojlangan yoki bo’lmaydi. Daraxtlarda yashaydi. Qorong’i tushganda yoki tunda faol. O’ljasini uzun, yopishqoq tiliga yopishtirib o’rab oladi. Yopishqoq uvildirig’ini (100 ga yaqin) yanvarda suv ustida osilib turgan barglarga o’rab yoki ular orasiga qo’yadi. Uvildiriqdan chiqqan itbaliqlar rivojlanishning keyingi bosqichlari (metamorfoz)ni suvda o’tkazadi.