Havo yostiqli kema necha tonna yuk tashishi mumkin?
Odatdagi kemalar suv sathiga gavdasi bilan tayanadi. Avtomobillar g’ildiraklari bilan yerga tiraladi. Yuqorida tilga olingan kemalar esa yerga ham, suvga ham tayanmaydi. Havo to’ldirilgan yostiq ustiga joylashgan bu kemalar bamisoli suv ustida parvoz qilib yurganday tuyuladi. Darvoqe, bu kemaning nomini inglizchadan tarjima qiladigan bo’lsak ham aynan “suv ustida parvoz qiluvchi” degan ma’noni anglatadi. Kema kuchli ventilyator bilan ta’minlangan bo’lib, ular kema tagidagi yostiqlarni havo bilan to’ldiradi. Xuddi mana shuning evaziga kema suvdan ko’tarilib turadi. Yelkasiga 40 tonna yuk yoki 100 nafar yo’lovchini ko’tarib, soatiga 100 km tezlik bilan harakatlanadigan shunday kemalar qurilgan. Hozirgi kunda ular bemalol paromlarning o’rnini bosyapti. Lekin 150 tonna yuk ko’taradigan havo yostiqli kemalar loyihasi ham tayyorlanmoqda. Ular 200 dan 500 nafargacha odamni yoki 50 dona avtomashinani bemalol tashiy oladi. Bunday texnika dengiz to’lqinlariga bardoshli, ular sol-kemalar o’rnini bosa oladi. Havo yostiqli birinchi kema 1959 yili ingliz ixtirochisi Kristofer Kokkerell tomonidan yaratildi.