ABBREVIATURA

ABBREVIATURA (italyancha abbreviature – qisqartma, lotincha abbrevio – qisqartiraman) – 1) lingvistikada: so’z birikmalarini qisqartirib hosil qilingan so’zlar: a) birikma tarkibidagi so’zlar birinchi harflari alifbo tartibida o’qiladi yoki oddiy so’z – harflar anglatgan tovushlar kabi talaffuz etiladi. Masalan, BMT (be-me-te) – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH (Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi); b) murakkab qisqartma so’zlar: so’z birikmalari tarkibidagi so’zlar birinchi harflaridan tashqari, ular ma’lum qismlari (morfemalari) olinib yasaladi. Masalan, O’zR (O’zbekiston Respublikasi), yurfak (yuridik fakultet); 2) musiqada: nota yozuvida qisqartirish va soddalashtirish belgisi. Kuy qismlarining takrorlanishida, juda baland yoki past tovushlarni bir oktava baland yoki past qilib shartli notalashtirishda, nota chiziqlaridan so’ng qo’shimcha chiziqlarni kamaytirishda qo’llaniladigan belgilar. Abbreviatura partiturada kuyga qochirim berishni ham ifodalaydi. Abbreviatura yordamida asarning nisbatan mustaqil, tugal qismi yoki qo’shiq bandi takrori, ayrim takt yoki kuy tuzilmalari takrori beriladi. Abbreviatura ko’p qo’shimcha chiziqlardan xalos qilib, nota o’qilishini osonlashtiradi. Musiqa bezaklarini ifodalashda keng qo’llaniladi.