GAVR
GAVR — Frantsiyadagi shahar, Sena daryosi Sena qo’ltiqchasiga (La-Mansh bo’g’ozi) quyiladigan joyda. Aholisi 196 ming kishi (1990). Yirik port, Parijning avanporti: chetga chiqariladigan yuklarning 70-80% neft. Gavan yaxshi jihozlangan. Kemasozlik, mashinasozlik, kimyo, tsement, ip gazlama, oziq-ovqat sanoati, rangli metallurgiya, neft tozalash korxonalari bor. Gavr orqali chetga neft, paxta, kofe, shakarqand chiqariladi. Okeanografiya instituti, shahar yaqinidagi cherkovda (11-14-asrlar) o’rta asr haykaltaroshligi va arxeologiya muzeyi bor. Gavr 1517 yilda baliqchilar shaharchasi o’rnida barpo etilgan. 17— 18-asrlarga oid me’moriy yodgorliklar saklangan.