XAZINA BILETLARI
XAZINA BILETLARI – valyutaga va oltinga maydalanmaydigan, hukumatning xazina tashkiloti (aksariyat hollarda Moliya vazirligi) tomonidan muomalaga chiqariladigan qog’oz pullar va xazina tashkilotlarining qisqa muddatli majburiyatlari. Davlat xarajatlarini moliyaviy ta’minlash uchun chiqariladi. Ayniqsa, 1914-18 yillardagi 1-va 1939-45 yillardagi 2-jahon urushi davrida byudjet takchilligi va harbiy xarajatlarni qoplashda Xazina biletlaridan keng foydalanilgan. Sobiq SSSRda 1991 yilga qadar 1, 3, 5 rubl qiymatidagi Xazina biletlari muomalada bo’lgan. Xazina biletlari hozirgi davrda kam qo’llanadi va muomalada yurgan qisqa muddatli davlat majburiyatlariga kiradi. O’z mohiyatiga ko’ra, Xazina biletlari davlat Markaziy banki chiqaradigan banknotlarga — bank qogoz pullariga yaqin turadi.